DXX va Departament bog‘cha mudirasini jinoyat ustida qo‘lga oldi

DXX va Departament bog‘cha mudirasini jinoyat ustida qo‘lga oldi

Xorazm viloyatining Gurlan tumanida joylashgan 24-sonli maktabgacha ta’lim muassasi mudirasi M.Hasanova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) oliy ma’lumotga ega, kasbdoshlari, jamoasi orasida hurmat qozongan mudiralardan biri sanalgan. U o‘zi faoliyat yuritayotgan bog‘chada xodimlari bilan yaxshi munosabatda bo‘lgan. Biroq…

Ushbu muassasa oshpazi S.Botirova iltimos bilan mudiraning qabuliga kiradi. U oilaviy sharoitiga yordam bo‘lishi uchun o‘zi ishlayotgan 0,75 shtat birligidagi ishini 1 stavkaga ko‘paytirib berishni iltimos qiladi. Mudira opa esa bu masala muammosiz hal bo‘lishi uchun ozgina xarajat qilish kerakligini bildiradi. Ya’ni 200 ming so‘m evaziga ish bitishini bildirib, tamagirlik qiladi.

O‘zining qonuniy haq-huquqlarini yaxshi bilgan fuqaro S.Botirova mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Gurlan tuman bo‘limiga ariza bilan murojaat qildi. Mazkur arizaga asosan, Departamentning Gurlan tuman bo‘limi hamda tuman davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda mudira M.Hasanova oshpaz S.Botirovaning ishini 1 stavkaga o‘tkazib berish evaziga undan 200 ming so‘m pora olayotgan vaqtda qo‘lga olindi.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Gurlan tuman bo‘limi tomonidan fuqaro M.Hasanovaga  nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovga tegishliligi bo‘yicha Gurlan tuman prokuraturasiga yuborildi.

Bu haqda, Departamentning Yangibozor tumani bo‘limi boshlig‘i Ne’matjon Avazov «Huquq» gazetasiga ma’lum qildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!