DXX Gulistonda noqonuniy mayning fermalarini aniqladi

DXX Gulistonda noqonuniy mayning fermalarini aniqladi

Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona hamda ichki ishlar boshqarmalari xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida noqonuniy mayning fermalar faoliyatiga chek qo‘yildi.

Xususan, Guliston shahrida yashovchi, 1981 y.t., muqaddam sudlangan shaxs viloyat markazidagi noturar binolardan birini ijaraga olib, yashirin ravishda elektr tarmog‘iga ulangan holda mayning qurilmalaridan foydalanishi natijasida davlatga qariyb 532 mln. so‘m miqdorida zarar yetkazgan. Tekshiruv davomida 19 dona mayning qurilmasi hamda boshqa buyumlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilib olindi.

Shunga o‘xshash yana bir holatda esa Toshkent shahrida yashovchi, 1990 y.t. fuqaro Guliston shahrida joylashgan va o‘zining otasiga tegishli bo‘lgan MCHJ binosida mayning qurilmalarini o‘rnatgan holda joriy yilning fevral oyidan buyon 40 ming AQSh dollariga teng kriptovalyuta ishlab chiqarganligi ma’lum bo‘ldi. Tekshiruv davomida u mayning sohasida faoliyat amalga oshirganda foydalaniladigan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni tegishli tarif guruhiga asosan belgilangan tarifga nisbatan 3 barobar o‘suvchi koeffisiyentga muvofiq to‘lamasdan, davlatga 134 mln. so‘mdan ortiq zarar yetkazganligi aniqlandi hamda 148 dona mayning qurilmasi prosessual tartibda rasmiylashtirilib olindi.

Endilikda har ikki qonunbuzar harakatiga nisbatan huquqiy baho beriladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!