Dushanbeda O‘zbekiston Savdo uyi ochildi

Dushanbeda O‘zbekiston Savdo uyi ochildi

Tojikistonning Dushanbe shahrida O‘zbekiston Savdo uyi ochildi.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotir.

Ikki mamlakat Prezidentlarining yaqinda bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotida siyosiy iroda va birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilgani va aniq mazmun bilan boyigani qayd etildi.

Ayniqsa, o‘zaro savdo hajmi barqaror ortib bormoqda. Mashinasozlik, energetika, elektrotexnika, tog‘-kon, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda muhim kooperasiya loyihalari amalga oshirilayapti. Hududlar darajasida va ishbilarmonlar o‘rtasida sheriklik aloqalari ham kengayib borayotir.

Bunda ikki mamlakat Prezidentlarining o‘zaro do‘stona munosabatlari hamda imzolangan bitimlar va erishilgan kelishuvlari muhim rol o‘ynamoqda.

O‘zbekistonning Tojikiston poytaxti Deshanbe shahrida ochilgan Savdo uyi ana shu hamkorlik natijasidir.

Savdo uyi ikki mamlakat tadbirkorlarining tovar va mahsulotlarini xaridorlarga yetkazish bo‘yicha beminnat ko‘makchi vazifasini o‘taydi.


Savdo uyining ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasining Tojikiston Respublikasidagi elchisi Ergash Shoismatov va “Orien Invest” investisiya kompaniyasi bosh direktori Saidismatillo Valiyev ishtirok etib, bundan buyon ikki mamlakat tadbirkorlarining hamkorligi yanada rivojlanishini ta’kidladi. Chunki Savdo uyini tashkil etishdan maqsad tadbirkorlar uchun qulayliklar yaratishdir. Ya’ni tadbirkorlar, ishlab chiqarish korxonalari Savdo uyi orqali tovarlar va xizmatlarini reklama qilish imkoniga ega bo‘ladi. Savdo uyida ko‘rgazmalar zali tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda ishlab chiqaruvchilar o‘zlariga yangi xaridorlar topishda amaliy yordam ko‘rsatiladi.

Savdo uyining ochilish marosimidan keyin ko‘rgazmalar zalida mahalliy tadbirkorlar uchun o‘zbek ishlab chiqaruvchilari mahsulotlari taqdimoti o‘tkazildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!