Dunyoviylik – dahriylik emas!

Dunyoviylik – dahriylik emas!

Hozirgi kunda internet olamida dunyoviylik va diniylik borasida turli bahslar avj olmoqda. Jamiyatda dunyoviylik dindan uzoqlashtiradi, ahloq va ma’naviyat tanazzuliga olib keladi degan nihoyatda yanglish fikrlar yangrayotganligi achinarli holat.

Bir oddiy haqiqatni anglash lozim, dunyoviylik hech qachon dinni yoki diniy qadriyatlarni rad etmaydi. Aksincha, faqat dunyoviy huquqiy davlat dinning rivojlanishi va dindor insonlarning diniy marosimlarini bajarishi uchun kerakli shart-sharoitlar va huquqiy kafolatlar bera oladi.

Dunyoviy davlatda davlat va din bir-biridan ajratilgan bo‘lib, barcha fuqarolarning irqi, millati, kelib chiqishi, diniy qarashlaridan qat’iy nazar, qonun oldida tengligi ta’minlanadi. Davlat organlari qonun doirasida faoliyat yuritayotgan diniy tashkilotlarning ichki hayotiga aralashmaydi, barcha diniy tashkilotlar va konfessiyalarning qonun oldida tengligi ta’minlanadi.

Davlat taraqqiyoti, jamiyat obodligi, aholi faravonligi avvalo erkinlikkka bog‘liq. Ilm-fan, tibbiyot, yangi texnologiyalar faqat inson va ijod erkinligi ta’minlangan jamiyatda rivojlanadi. Aynan shu sababli ham barcha rivojlangan davlatlar, ya’ni ilm-fan yuksak darajada rivojlangan, iqtisodi baquvvat bo‘lgan, jamiyati barqaror va aholisi farovon turmush kechirayotgan davlatlar – dunyoviy rivojlanish yo‘lini tanlagan davlatlardir.

Buni aynan inson huquqlari va diniy erkinlik bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlarni egallaydigan AQSh va G‘arbiy Yevropaning qator mamlakatlari misolida ko‘rishimiz mumkin. Hatto aholisining asosiy qismi musulmon bo‘lgan Turkiya yoki Indoneziya davlatlari ham aynan dunyoviylik yo‘lidan ketishmoqda va tarixiy tajriba buni eng to‘g‘ri yo‘l ekanini isbotlamoqda.

Bugungi kunda ko‘pchilik uchun farovon davlat timsoli bo‘lib ko‘rinayotgan, go‘yoki dunyoviy davlatlarga muqobil sifatida taqdim etilayotgan, lekin jamiyat hayotida diniy qoida va aqidalarga alohida urg‘u beriladigan ayrim mamlakatlar bu natijalarga aslida, avvalo, tabiiy boyliklar, qolaversa, dunyoviy davlatlar tajribasini keng qo‘llagani hisobiga erishgan.

Bugun jamiyatimizda dunyoviy-huquqiy davlat tartiblari asosida hayot kechirish musulmonlar uchun nojoiz degan fikrlar tarqatishga urinishlar kuzatilmoqda. Kimlardir dunyoviy davlatning mohiyatini tushunib yetmay, kimlardir esa, uning barcha jihatlarini anglagan holda atayin dunyoviylikni ateistik g‘oyalar ustivorligi sifatida tushuntirishga harakat qilishmoqda.

Ayrim fikrlarda dunyoviy davlatda diniy erkinliklar cheklanishi ta’kidlanib, bunday mulohazalarga isbot sifatida BMTning “Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi”ga yoki “Din va e’tiqodga asoslangan har qanday murosasizlik va kamsitishni tugatish to‘g‘risidagi deklarasiya”larga murojaat qilinayotganini ko‘rishimiz mumkin. Eng qizig‘i, aynan shu diniy erkinlik va umuman inson huquqlari bo‘yicha asosiy xalqaro huquqiy normalar dunyoviy davlatlarda ishlab chiqilgan. Bu omil ham aynan huquqiy dunyoviy davlatgina diniy qadriyatlarni himoya qila olishga qodirligini ko‘rsatib turibdi.

Dunyoviylikni umuman rad etib, taraqqiyotning faqat diniy yo‘lini tanlagan qaysi davlat rivojlanib ketgan? Buning faqat aksiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Iroq va Shomda islom davlati qurmoqchi bo‘lgan buzg‘unchilar nimaga erishdi? Ularning kasriga Suriyadek aynan dunyoviy davlat paytida rivojlanib kelgan mamlakat mana hozir ham tanazzuldan chiqa olmayapti. Yoki uzoqqa bormaylik 1996-2001 yillardagi Tolibon boshqargan Afg‘oniston “Islom amirligi”dagi ahvol ham shu fikrga yaqqol isbot bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri, Saudiya Arabistoni qirolligi yoki Birlashgan Arab Amirliklar kabi shariat asosida boshqariladigan davlatlar bor. Lekin ular monoetnik va monodiniy mamlakatlar, ya’ni aholisining barchasi bir millatga mansub va bir dinga e’tiqod qiladi. Qolaversa, bu mamlakatlarning rivojlanishining asosiy sabablaridan biri tabiiy resurslari bilan bir qatorda hozirda aynan G‘arbning rivojlangan dunyoviy davlatlari bilan hamkorlikda zamonaviy ilm-fanga katta e’tibor qaratilayotgani va ular barcha sohalarga aynan chet ellik dunyoviy ilmlarni egallagan kuchli mutaxassislarni jalb etganida.

O‘zbekiston qadimdan turli millat va elat hamda konfessiya vakillari o‘zaro tinch-totuv yashab, o‘z diniy ibodat va rasm-rusumlarini emin-erkin bajarib kelgan bag‘rikeng diyor sifatida qadrlanib kelgan. Hozirgi kunda ham yurtimizda o‘zaro do‘stlik muhitini yaratish, diniy konfessiya vakillari o‘rtasida bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yurtimizda 16 ta konfessiya va 130 dan ortiq millat va elatlar mana necha yillardan beri bir osmon ostida ahil yashab kelishmoqda.

Aynan millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik bugun kunning eng buyuk ne’mati tinchlik va xotirjamlikning asosiy omillaridir. Xalqimizda dono maqol bor: «Bir kun janjal chiqqan uydan, qirq kun baraka qochadi.» Mamlakat miqyosida-chi? Ayrim mamlakatlardagi etnik va diniy nizolarning oqibatini eshitib, internet va telekanallar orqali xabardor bo‘lib turibmiz.

Aholisi ko‘p millatli, turli dinlarga e’tiqod qiluvchi va diniy qarashlari turlicha bo‘lgan jamiyatda turli din vakillarining tinch-totuv va o‘zaro hurmat asosidagi hayotini faqat davlat ta’minlashi mumkin.

Buning uchun diniy g‘oyalardan davlatga qarshi targ‘ibot olib borishda, diniy asosdagi nizo, nafrat va adovat uyg‘otish, fuqaroviy totuvlikni buzishda foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi kerak.

Bekzod Ochilov,

Mustaqil tadqiqotchi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!