Dunyoda va O‘zbekistonda o‘g‘itlar iste’moli darajasi tahlil qilindi

Dunyoda va O‘zbekistonda o‘g‘itlar iste’moli darajasi tahlil qilindi

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari dunyoda va O‘zbekistonda o‘g‘itlar iste’moli darajasini tahlil qildi.

Dunyo o‘g‘itlar bozori 2021 yilda tanqislikka duch keldi. 2022 yilda o‘g‘itlar narxining oshishi kuchaydi va so‘nggi 70 yil ichida misli ko‘rilmagan darajada bo‘ldi. O‘g‘itlar narxining butun dunyoda o‘sishi muqarrar ravishda ulardan foydalanishning qisqarishiga olib keladi. Bu ayniqsa, kam daromadli mamlakatlarda ko‘proq kuzatiladi.

O‘g‘itlar iste’moli mamlakatlar bo‘yicha dunyo bozoridagi o‘zgarishlardan oldin ham katta farq qilgan. Masalan, Sahroi Kabirdan janubda joylashgan Afrika mamlakatlarida o‘g‘itlarning qo‘llanilishi gektariga o‘rtacha 22 kg ni tashkil etadi. Bu dunyo bo‘yicha gektariga qo‘llaniladigan o‘rtacha ko‘rsatkich (gektariga 146 kg) dan 6,6 baravar past. Xitoy va Chili kabi ba’zi mamlakatlarda o‘g‘itlar iste’moli gektariga 400 kg ga yaqin.

FAO (BMT ning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti) ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 gektar ekin maydoniga o‘g‘it iste’moli 254,5 kg ni tashkil etadi. Bu dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan 74%, Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan 2,9 baravar yuqori.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan azotli o‘g‘itlarning o‘rtacha olganda yarmidan kamrog‘i o‘simliklarning o‘sishida yordam beradi, qolganlari esa faqat suv havzalarini ifloslantiradi. So‘nggi 100 yil ichida suv, tuproq va havodagi antropogen azotli birikmalar miqdori ikki baravar oshdi.

Shunday qilib, o‘g‘itlarni qo‘llashga oziq-ovqat xavfsizligi uchun xavf tug‘dirmaydigan darajada tuzatish kiritish zarur. O‘g‘itlarni eng samarali qo‘llash uchun ularning o‘zlashtirilish samaradorligini o‘lchash, tuproqning holati va kimyoviy tuzilishini muntazam kuzatib borish talab etiladi. O‘g‘itlardan foydalanishda muvozanatni topish qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishning barqaror o‘sishini ta’minlaydi va shu bilan birga atrof-muhitni kelajak avlodlar uchun asraydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!