Detektiv qissa: "Alvastilar o‘yini" (yakuni)

A A A
Detektiv qissa: "Alvastilar o‘yini" (yakuni)

ALVASTILAR O‘YINI 


Nizomjon ISLOMOV

Yakuni. Oldingi qismi

— Manavi sizga, — deya uning qo‘liga yo‘l-yo‘lakay vidolashuv xatini yozgan qog‘ozimni tutqazdim.
— Nima bu?
— Opangiz xat qoldiribdi. Afsus, uni qutqarib qololmadik. Bechora boshiga tushgan qattiq zarbdan halok bo‘libdi.
Kamolova menga yalt etib qaradi. Yuzidagi xotirjamlik o‘rnini xavotir, taajjublanish egalladi.
— Nega o‘ladi u? — dedi bor ovozda baqirib. — Nega, ayting?
— Uni siz o‘ldiribsiz…
— Men… Bu gapni qayerdan oldingiz?
— O‘zi shunday deb yozib qoldiribdi. Eringiz bilan don olishib yurgani uchun uni…
— Qiziqsiz-a, men qayoqdagi bir tentak bo‘lsam, odam o‘ldira olarkanmanmi? Qolaversa, hali manavi to‘rt devor orasidan chiqqanim ham yo‘q.
— Ha, haqsiz, — dedim shashtimni ataylab pasaytirib. — Aftidan, qotilni ancha izlashimga to‘g‘ri keladi. Bo‘pti, biz ketishimiz kerak…
Ayol nimanidir so‘rashga chog‘landi, lekin indamadi. Kasalxonadan chiqqanimizdan keyin esa, sherigim:
— Nega uni osonlik bilan ayblab, yana adashganingizni tan oldingiz? Nega tirik opasini o‘lganga chiqardingiz? — deb so‘radi.
— Chunki men uning opasiga bo‘lgan munosabatini bilmoqchi edim. Shuning uchun ikki xil savol berdim, u kutgan va kutmagan. Opasining o‘limi haqidagi xabarni yetkazganimda u hayron bo‘ldi, ammo bu soxta ifoda edi. Chunki ko‘z qorachiqlarida hech qanday o‘zgarish sezmadim.
— Balki u hayratlanganda shunaqa bo‘lar…
— Men ham xuddi shuni o‘yladim va unga ikkinchi, o‘zi kutmagan xabarni aytdim. Opasi uni o‘z o‘limida ayblaganini ma’lum qildim. U esa bu safar chinakamiga hayratlandi, chunki ko‘z qorachiqlari ham kengaydi…
— Demak…
— Demak, u opasining o‘limini istayapti. Sabab esa meros…
— Hech narsani tushunmayapman. Bu yerda aybdor kim-u, jabrdiyda kim? Hamma aybdorga chiqib qoldi-ku.
— Lekin aybdor bitta. U bizni ustalik bilan chalg‘itishga urinyapti. Shuning uchun kalava battar chigallashib ketyapti. Darvoqe, Jo‘rayevning ishi nima bo‘libdi?
— Miyaga qon quyilishi tashxisi… hech qanday jinoiy ish ochilmabdi hozircha…
— Juda yaxshi. Bu ayni damda kerak ham emas. Ba’zi birovlarni hurkitib qo‘yishi mumkin. Endi bitta qiladigan ishimiz qoldi.
— Xo‘sh? Qanaqa?
— Kamolovani kasalxonadan chiqarish. Axir, u tuzalib qoldi.
— Rostdanmi? Ishonchingiz komilmi?
— Aslida, hozir uning kasalxonada yotgani emas, uyiga kelgani yordam beradi bizga. Shuning uchun uni uyiga olib kelishimiz shart.
* * *
Kamolova qarorimizni eshitib hayratlandi.
— Yana anavi ajinalar, — dedi yuzini burishtirib.
— Xavotir olmang. Qotillarning kimligi topildi. Jo‘rayevni ishxonasidagi bir yordamchisi o‘ldirgan ekan. Mansabiga ko‘z olaytirganmish. Boshida aybini bo‘yniga olmadi, ammo keyin tan olishga majbur bo‘ldi. Bu yog‘idan xavotir olmang. Endi sizni hech qanday alvastilar bezovta qilmaydi. Ketishingiz mumkin.
Kamolova yuklarini yig‘ishtirib chiqdi. Shifokorlar ham uning tuzalib qolganiga ishonch hosil qilishgan ekan, darrov ruxsat berishdi. Kamolova kasalxonadan chiqib ketarkan:
— Xonim, — dedim ortidan tikilib. — Ertaga uyingizga boraman. Agar yana alvastilarning ovozi eshitilsa, ishni tuzukroq o‘rganib chiqamiz. Ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin.
U jilmayib qo‘ydi-da, yo‘lida davom etdi. Men esa, kasalxonadagi hamshira tanishimning oldiga bordim.
— Xo‘sh, — dedim mallasoch, ko‘zlari ayyorona kulib turadigan Jamilaga qarab.
— Sobiq kimyo o‘qituvchisi. Laboratoriyada ham uzoq vaqt ishlagan. Ammo keyin bo‘shab ketgan.
— Nega?
— Erimning ishlari yurishib ketganidan keyin ishlashga hojat qolmadi, dedi.
— Tashakkur. Shu ma’lumotlarning o‘zi yetarli.
* * *
Ertasi kuni Kamolovaning uyiga bordim. Eshikni o‘zi ochdi, kayfiyati ancha yaxshi edi.
— Tuzalib qoldingizmi? — mulozamat qildim men.
Ayol bizni kutmagani uchunmi, bir muddat jim bo‘lib qoldi.
— Balki ichkariga kiritarsiz? — dedim miyig‘ida jilmayib.
— IYE, uzr, marhamat, kiringlar.
Sherigimga imo qildim-da, qo‘limni yuvish bahonasida yuvinish xonasiga o‘tdim. U ayolni suhbatga tortdi.
— Kechirasiz, ayolimga tilla zirak olmoqchi edim, — dedi u Kamolovaga yuzlanib. — Ayol kishi yaxshiroq biladi-da asl tillani. Shunga maslahat bera olmaysizmi?
O‘ziga yoqqan mavzuda gap ochilgani uchun Kamolova gapga berilib ketdi. Men esa yuvinish xonasiga kirib, sherigim bilan yashirincha kelganimda o‘rnatib qo‘ygan jajji kamerachani yechib oldim. O‘ylaganimdek, Kamolova bunga e’tibor ham qaratmagan ekan. Kamerani cho‘ntagimga solib qo‘ydim-da, tashqariga chiqdim.
— Xo‘sh, — dedim ayolga qarab. — Endi arvohlar bezovta qilmayaptimi?
— Yo‘q, xayriyat, ketishdi, shekilli.
— Qani, eshikni ochib ko‘ring-chi…
Kamolova ehtiyotsizlik qilib, shartta eshikni ochdi. Hech qanday ovoz eshitilmadi.
— Ana, — dedi u chehrasi yorishib. — Ko‘rdingizmi, hech bir ovoz eshitilmayapti.
Men esa ovoz nega eshitilmagani borasidagi taxminim to‘g‘ri chiqqanidan xursand edim. Endi jinoyatning barcha haqiqatlari oshkor bo‘lgandi.
* * *
Tergov xonasiga kirib kelganimda, men chaqirtirgan hamma shu yerda jam bo‘lgandi. Kamolova va uning opasi.
— Sizlarni bu yerga chaqirishimdan maqsad, jinoyat fosh bo‘ldi, azizlar, — dedim cho‘ntagimdan barcha daliliy ashyolarni chiqarib. — Jo‘rayev va Sharipova Zilolaning uyini qo‘riqlagan qo‘riqchi yigitlarning qotilini topganim haqida aytmoqchi edim.
Kamolovaning yuzida taajjublanish ifodasi paydo bo‘ldi.
— Axir, buni aytgandingiz-ku.
— To‘g‘ri, ammo unda biroz yanglishgan ekanman.
— Biroz?! Nima, bu bilan qotil boshqa odam demoqchimisiz?
— Ha, shunday demoqchiman…
— Kim ekan u?
— Bundan oldin Jo‘rayev nimadan o‘lganini aytay.
— Qon bosimi oshganidan, — luqma tashladi Kamolova. — Buni bilamiz.
— Yo‘q, adashasiz, uni o‘ldirishgan, zaharlab o‘ldirishgan.
— Zaharlab?!
— Ha. Uning murdasini ko‘rganimizda, og‘zi atrofida qon qotib qolgandi. Bu uning zaharlanganining birinchi belgisi. Ikkinchidan, unga sekin ta’sir qiluvchi zahar berilgan. Bu zahar ichki organizmlarini sekinlik bilan yemirib borgan. Eng avvalo, miyasini zaharlagan. Oqibatda, miya faoliyati buzilib, qon ketgan. Ungacha ko‘ngil aynishi va shunga o‘xshash holatlar yuz bergan. Chunki uning oldiga borganimda mazasi qochib, ko‘z qorachiqlari kattalashib ketgandi. U buni yurakdan, dedi. Ammo men buning sababi nima ekanligini keyinchalik anglab yetdim.
— Uni kim zaharlashi mumkin? — so‘radi Sharipova biroz talmovsirab.
— Kim bo‘lardi, siz-da…
— Men?
— Ha, siz. Xuddi uyingizni qo‘riqlagan qorovul yigitni o‘ldirgandek. Unga ham zahar berib, mazasini qochirgansiz, keyin buni qotillar qilgan, deb o‘ylashlari uchun bir-ikki marta pichoq sanchib olgansiz…
— Bo‘lmagan gap! — ko‘zlari chaqchayib ketdi ayolning. — Men o‘ldirmaganman uni. Qo‘riqchini ham men…
— Inkor etishning foydasi yo‘q, chunki qo‘riqchi yigitning organizmidan zahar topilgan. Xullas, qotil sizsiz. Endi menga ayting-chi, nega singlingizni o‘ldirishga urindingiz? Meros tufaylimi? Unda Jo‘rayevni nega o‘ldirdingiz? Nima uchun?
Sharipova tamomila dovdirab qoldi. Bir menga, bir singlisiga qaradi. Men esa xonadan chiqib ketishning ayni fursati yetganligini anglagandim. Mening ishoram bilan sherigim oldimga keldi-da, qulog‘imga pichirladi. Men esa, kichikkina diktofonni o‘rindiqning bilinmaydigan joyiga qo‘yib:
— Meni chaqirib qolishdi, hozir qaytaman, faqat talabim shu, aybingizni inkor etishdan foyda yo‘q, Sharipova, yaxshisi, barcha tafsilotlarni yashirmay ayting, — deya tashqariga chiqib ketdim.
Xonadan uzoqroq joyga borib, ularni kuzatib turdim. Opa avval singlisiga nimalarnidir gapirdi, keyin esa, qo‘lini paxsa qilgancha gapira boshladi. Singlisi ham undan qolishmaslikka urinardi. Sharipova Kamolovaning yoqasidan olgandagina xonaga kirib keldim. Ular meni ko‘rib, dovdirab qolishdi. Keyin joylariga o‘tirishdi.
— Tinchlikmi? — so‘radim Sharipovadan. — Nima bo‘ldi?
U lom-mim demadi. Singlisiga qarab qo‘ydi-da, joyiga qaytib o‘tirdi.
— Balki siz aytarsiz, — Kamolovaga yuzlandim. — Nega bir-birlaring bilan jiqqamusht bo‘lyapsizlar?
Lekin singildan ham sado chiqmadi.
— Juda yaxshi, unda mana bu gapiradi, — deya o‘rindiqning yonidan kichkinagina diktofonni oldim.
Opa-singilning avzoyi keskin o‘zgardi. Men esa, ularga parvo ham qilmay, diktofonning kerakli tugmasini bosdim. Unda opa-singilning suhbati yangray boshladi:
— Nima, men seni deb qamalib ketaveramanmi? Eringni men o‘ldirganim yo‘q-ku.
— Nima qilibdi qamalsangiz, axir, ota-onam sizni boqib olib, katta qilganining hurmati yo‘qmi? Ota-onam oldidagi qarzingizni meni deb uzasiz-da. Qolaversa, merosda sizning ham yaxshigina ulushingiz bor. Xavotir olmang, sizni o‘zim qamoqdan chiqarib olaman.
— Bu ertagingni boshqaga aytasan. Men qamalmayman, sen qamalasan.
— Men?!
— Ha, sen. Hayoti anchagina pulga sug‘urta qilingan eringni o‘ldirib, pullariga ega chiqqaning uchun…
Shu yerda diktofonning “Stop” degan tugmasini bosdim-da, opa-singillarga qaradim. Ikkalasi ham haykaldek qotib qolishgandi.
— Hayron bo‘lgandim-a, nega Jo‘rayevni zaharlashdi, deb. Axir, uning merosga aloqadorligi yo‘q edi-da. Demak, o‘limiga hayotining sug‘urtalangani sabab bo‘lgan.
— Uni men o‘ldirganim yo‘q, — jonholatda baqirdi Kamolova. — Manavi tuhmat qilyapti menga. Erimning qotili men emasman.
— Buni hozir ko‘ramiz, — deya yana diktofonning kerakli tugmasini bosdim.
— Birinchidan, sen ham menga sherik bo‘lgansan. O‘rmonga o‘t ketsa, ho‘l-u quruq barobar yonadi.
— Sen nima deyapsan, ablah?
Ovoz shu yerga kelganda tindi.
— Endi nima qilamiz? Xo‘sh… Hamma narsa aniq, qotillar…
— Axir, men aqlan noqisroqman, buni o‘zingiz ham bilasiz. Hozir shuning ta’sirida og‘zimga kelgan gapni gapirib yubordim, yaqinda jinnixonadan chiqqanimni bilasiz-ku, — jim turganimni ko‘rib, menga iltijoli tikildi Kamolova. — La’nati arvohlar ta’qibidan zo‘rg‘a qutulganimni ham bilasiz.
— Darvoqe, arvohlar… arvohlar, aslida, bo‘lmagan, to‘g‘rimi?
Bu gapimdan Kamolova tamomila shokka tushib qoldi.
— Bu nima deganingiz? Axir, o‘z qulog‘ingiz bilan eshitdingiz-ku.
— Bu sizning nag‘mangiz edi. Yuvinish xonangizning ushlagichiga inchichka sim o‘tkazib qo‘ygansiz. Buni bir qarashda anglash qiyin, chunki u ip havoga o‘xshash rangga bo‘yalgandi va uni bir qarashda ko‘rish qiyin. Ipning eshik ushlagichiga ulangan qismiga esa, magnit yopishtirilgandi. Siz eshikni ochganingizda, uzugingizdagi temir ko‘z o‘sha magnitni tortadi. Oqibatda ip tarang tortilib, u ulangan qo‘ng‘irog‘i sekin jiringlaydi. Bu tomondan esa, ichkari xonada g‘alati magnitofonni ko‘rdim. Sinchiklab qarasam, haligi ip uning ovozini ko‘taruvchi tugmachasiga ham ulangan ekan. Demak, hammasi oddiy, siz eshikni ochasiz, uzugingizdagi temir ko‘z esa magnitni o‘ziga tortadi, oqibatda, ip ham cho‘zilib, ikki xil musiqa bir vaqtda eshitiladi. Qarabsizki, siz aytgan “alvastilar qo‘shig‘i” yangraydi. Dastlab bu qadar murakkab reja uyushtirishingiz mumkinligiga ishonmagandim. Chunki bunga aqlingiz yetmaydi, deb o‘ylagandim. Ammo meni bir narsa o‘ylantirdi: nega aynan jimjilog‘ingiz bilan eshikni ochdingiz? Axir, buning qulay jihati yo‘q-ku. Shundagina tushundimki, bu yerda bir reja bor. O‘shandan keyin qo‘limni yuvib olay, deganimda, siz shoshilib, uzuk taqmagan barmog‘ingiz bilan yuvinish xonasining eshigini ochdingiz. Chunki biz sizning jinni ekanligingizga, aniqrog‘i, shunday xulosa chiqarishimiz uchun uyushtirgan tomoshangizga ishondik. Sizning esa, bundan ko‘nglingiz xotirjam tortdi va ehtiyotkorlikni unutdingiz. Xullas, bu safar hech qanday ovoz chiqmadi va shubhalarim o‘z tasdig‘ini topdi. Yana bir gap. O‘sha kuni eshikdan chiqayotganda gilamga to‘qnashib ketdim va gilam ostiga yashiringan nimagadir ko‘zim tushdi. Siz esa shosha-pisha gilamni to‘g‘rilab qo‘ydingiz. Uning nima ekanligi menga qorong‘u, ammo o‘sha “alvastilar qo‘shig‘i”ning yangrashiga xizmat qilishi aniq edi.
— Oshirib yubormadingizmi? — hayron bo‘ldi yordamchim. — Bitta ayol shuncha ishni qilishi mumkinmi? Buning uchun odam mutaxassis bo‘lishi kerak.
— Siz haqsiz, — dedim yordamchimning gapidan so‘ng umidvorlik bilan menga tikilgan Kamolovaga qarab. — Ammo bu ayol ilgari fizika fani bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan. Maktabda dars bergan. Buni ruhiy kasalliklar shifoxonasidagi tanishim ham tasdiqlaydi. Shuni eshitganimdan keyin, rostdan ham bu ayolning ko‘p narsaga qodirligiga guvoh bo‘ldim.
— Mening aybim nima?
Yalt etib Sharipovaga qaradim.
— Sizni unutay debman-ku. Siz yanayam kattaroq jinoyat qilgansiz. Uyingizga borgan kunim olgan suratim yodingizdami? Mana u, — deya cho‘ntagimdan rasm chiqardim. — Unda yerda sinib yotgan ikkita stakan sinig‘i ham muhrlanib qolgan.
— Xo‘sh?
— Siz bu stakandagi zahar yordamida kimnidir o‘ldirmoqchi bo‘lgansiz. Uning kimligini esa, men aytmasam ham, yaxshi bilasiz.
Sharipovaning nigohi toshdek qotdi. Ayanchli nigohlarini singlisiga tikdi. Kamolova ham nimanidir tushungandek edi.
— Xullas, men ketdim. Sizlarga bir-ikki yillik qamoq jazosi yetadi. Aslida, qamash ham shart emas sizlarni. Xayr.
Opa-singillarni tegishli xodimlarning qo‘liga topshirdim-da, ishxonadan chiqdim. Ortimdan sherigim halloslagancha ergashdi.
— Nega ularning bor-yo‘g‘i ikki yil qamalishini istayapsiz? Axir, ular og‘ir jinoyatlarga qo‘l urishgan-ku.
— To‘g‘ri, biri erini o‘ldirib, katta miqdordagi sug‘urta pulini olmoqchi bo‘lgan, ikkinchisi esa, singlisini yo‘qotib, uning merosini ham egallashni niyat qilgan. Lekin… Sharipova Kamolovani zaharlagan. U hademay o‘ladi. Bu — aniq.
— Unda Sharipova-chi? U jazolanishi kerak-ku.
— Birinchi marta Kamolovaning uyiga borganimizda, ikkita stakanni ko‘rgandim. Uni chetga surib qo‘ygandim.
— Ha, xontaxtaning ustida turgandi.
— O‘sha stakanlardan biriga ham xuddi shunday zahar solingandi. Chunki stakanning bir cheti qizarib qolgandi.
— Demak, Sharipova ham…
— Albatta. Kamolova Sharipovani oldinroq zaharlab ulgurgan. Xullas, endi opa-singillar bir-birining boshiga yetdi. Ular yaxshi reja ishlatishgandi. Biri o‘zining jinni ekanligiga bizni ishontirib, shu bilan o‘zini jinoyatdan soqit qilmoqchi edi. Ikkinchisi esa, o‘zining jabrdiyda ekanligini isbotlashga urindi. Lekin ular odam tanlashda yanglishishdi, xolos. Qolaversa, bu — ularning qismati. Eng yomoni nima, bilasizmi?
— Xo‘sh, ikkala insonning ham juvonmarg bo‘lishimi?
— Yo‘q. Eng yomoni shuki, meros ko‘chada qoladigan bo‘ldi. Yo‘q, yaxshisi, uni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga topshirish kerak, yordam tariqasida. Ha, mayli, bu bizning ishimiz emas.
Tamom...


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!