Derazadan tashlab yuborilgan talaba qizning onasi: "Zamdekan" yerda qonga belanib yotgan qizimni yana ikki marta ko‘tarib yerga tashlagan..."

Derazadan tashlab yuborilgan talaba qizning onasi: "Zamdekan" yerda qonga belanib yotgan qizimni yana ikki marta ko‘tarib yerga tashlagan..."

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasi Kamilova Mushtariyning dekan o‘rinbosari tomonidan zo‘rlashga harakat qilinib, derazadan itarib yuborilgani haqidagi xabarlar keng tarqaldi. Sal avval Bosh prokuratura holat bo‘yicha tekshiruv olib borilayotganini, Toshkent shahar IIBB esa holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi (“Nomusga tegish”) va 105-modda (“Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va YU.Bag‘ibekka nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilganini ma’lum qildi.

"darakchi.uz" voqea tafsilotlarini va jabrdiyda ahvolini bilish maqsadida qiz ta’lim olayotgan oliygohga va u davolanayotgan shifoxonada bo‘ldi.

Bugun soat 11:30larda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetiga kirib borar ekanmiz, rektor va prorektorlar vazirlikka chaqirilgani, hozirda hech kim yo‘qligi haqida aytishdi. Biz uchrashgan OTMning ma’naviyat ishlari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Javohir Jabborov dastlab voqeadan xabari yo‘qligini ma’lum qildi. So‘rovlarimizdan so‘ng esa voqea haqida eshitishganini, qizning universitetning Professional ta’lim fakultetida 3-bosqich talabasi ekanligini, jabrdiyda dastlab xalq tilida "16-gorbolnisa" deb ataluvchi Toshkent shahar shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markaziga olib borilgani, hozir esa u yerdan chiqib, Toshkent travmatologiya institutida davolanayotganini aytib, voqea bo‘yicha qo‘shimcha biror ma’lumot bera olmasligini ma’lum qildi.

Biz voqea sodir bo‘lgan — 18 oktyabr kuni Mushtariy og‘ir ahvolda olib kelingan Toshkent shahar shoshilinch tez tibbiy yordam markazida bo‘lib, bemorning o‘zi va uning yig‘lab o‘tirgan onasi bilan uchrashdik.

"Qizim "Zulfiya" mukofotini olishga harakat qilib yurgandi. Buning uchun 4 nafar professordan tavsiyanoma kerak ekan. O‘sha kuni menga qo‘ng‘iroq qilib hozir uyga borishini aytdi. Keyin tavsiyanomani olish uchun 15:45larda dekan o‘rinbosarini xonasiga kirgan. U odam qizimdan kofe tayyorlab berishini so‘ragan, Mushtariy kofe tayyorlayotganida, "zamdekan" avval eshigini qulflagan, keyin chiroqni o‘chirgan. Qizim uning harakatlaridan qo‘rqib, Toshkent iqtisodiyot universitetida o‘qiydigan o‘rtog‘iga qo‘ng‘iroq qilib, zudlik bilan yetib kelishini so‘ragan. Qizimning aytib berishicha, o‘qituvchisi unga birdan tashlangan, qizim baqirgan. Qo‘ng‘iroq qilib chaqirgan o‘rtog‘i ham 8 minutda yetib kelganini aytdi. Bu paytda Mushtariy xona ichida bo‘lgan, o‘rtog‘i uning qaysi xonada ekanini bilish uchun unga telefon qilib, qulflangan xonadan qo‘ng‘iroq ovozi kelayotganidan aynan qayerda ekanini topib olgan. Eshikni taqillatgan, tepgan. Qizimning aytishicha, u erkakning qo‘lidan chiqib ketib, derazani ochib yordam so‘ramoqchi bo‘lgan. Dekan o‘rinbosari uning bu harakatlaridan va eshikning tinimsiz taqillashidan sarosimaga tushib, Mushtariyni ko‘tarib derazadan tashlab yuborgan..."

Ona so‘zining shu joyiga kelganda xo‘ngrab yig‘lab yubordi...

Dildora opaning ma’lum qilishicha, Mushtariy derazadan tushib ketmaslik uchun rosa harakat qilgan. Biroq, kuchi yetmagan. Qizni tashlab yuborgan erkak derazani yopib, pardalarni tushirgan va hech narsa bo‘lmagandek eshikni ochgan. Bu paytda Mushtariyning o‘rtog‘i derazadan nimadir tushib ketganini ovozini eshitgan va o‘zi turgan joyning oynasidan qarab, qizni yerda ko‘rgan. Bu dekan o‘rinbosarining qilmishi ekanini anglab, birdan uning yoqasidan olgan. Birgalikda Mushtariyning oldiga tushib borishgan.

"Qizim uchinchi qavatdan tushib ketgan, ahvoli juda yomon, hamma joyi qon bo‘lgan. Dekan o‘rinbosari qizimga yordam ko‘rsatish o‘rniga qilgan qilmishlarini berkitish uchun, Mushtariyni ko‘tarib yana ikki marta yerga tashlagan. U qizimni o‘ldirmoqchi, bu bilan jinoyatini yopmoqchi bo‘lgan. Uning bu harakatlariga qizimning do‘sti guvoh", - yig‘laydi ona.

Onaning aytib berishicha, Mushtariy do‘stining qistovi va harakatlari bilan dekan o‘rinbosari bilan birga shifoxonaga olib kelingan. Yo‘lda xushida bo‘lmagan qiz, shifoxonaga yetib kelganda zo‘rlik qilgan erkakning turtkilashidan o‘ziga kelgan. Guvoh yigitning Dildora opaga aytishicha, o‘sha damda dekan o‘rinbosari Mushtariyni voqea haqida aytsa, o‘qishdan haydatib yuborish bilan qo‘rqitgan.

"Menga o‘sha erkakning o‘zi qo‘ng‘iroq qilib, "qizingiz derazadan tushib ketdi, shifoxonaga keling" deb chaqirdi. Yetib kelganimda qizimning do‘stidan barchasini bilgach, u erkakka tashlandim, hali javob berashini aytdim. Ammo u "o‘zimni shogirdimga shunaqa qilamanmi?" deb bo‘yniga olmadi. Men birdan "102"ga qo‘ng‘iroq qildim. Ular 3 soatdan keyin yetib kelishdi. Keyinchalik barcha tegishli tashkilotlarga murojaat qildim. Rektoratga ham chiqdim. O‘sha kunlarda zo‘ravonning odamlari, qarindoshlari kelishdi, kelishishni taklif qilishdi. Qat’iy rad etdim", - deydi Mushtariyning onasi.

Dildora opaning ma’lum qilishicha, biz dastlab uchrashgan OTMdagi mas’ul Javohir Jabborov ham universitet nomidan kelib, Mushtariyni aybdor Turkiya yoki Koreya davlatiga yuborib davolatib berishini, shikoyatni qaytarib olib, kelishishni taklif qilgan. Ammo ona qizining iqtidorli, uning orzulari va maqsadlari buyuk ekanligini aytib, qilingan bunday johillikni aslo kechirmasligini aytib yig‘ladi.

"Mushtariy maktabni olin medalga tamomlagan. O‘z ustaxonasi bor: kashtachilik qiladi, turli xil taqinchoq va zebu zarlar yasaydi. Ko‘plab tanlov va konkurslarda ishtirok etib g‘olib bo‘lgan. Hunarmandlar uyushmasi a’zosi. Uning kelajakdagi maqsad va orzulari buyuk. Biroq mana shunday insonlarni deb farzandim hozir ham og‘ir ahvolda yotibdi, ham katta ruhiy zarbaga uchradi..." - deydi Mushtariyning onasi.

Biz Mushtariy yotgan palataga kirdik. Bemor uxlab yotgandi. Onasi uning ustiga choyshabini yopib qo‘ymoqchi bo‘lib tekkanida, bexosdan qo‘rqib, baqirib yubordi. Dildora opa, "Tinchlan, bu menman, seni ahvolingni bilgani jurnalistlar kelishibdi", - deya tinchlantirdi. Mushtariy, biroz og‘riqdan tipirchiladi, keyin past ovozda "Ona, yordam bering", - dedida yana uyquga ketdi.

Dildora opa Mushtariyning qilgan ishlari, erishgan natijalari aks etgan jamlanmalarni quchib erta-kech qizining yonida turibdi. Endi Mushtariy ikki oy to‘shakdan tura olmaydi. Ikki oy o‘tar, ammo endi hayotga avvalgidek qaray oladimi, buyuk orzulariga erishish uchun o‘zida kuch topa oladimi? U ko‘mak so‘ragan jamiyatning bergan zarbasi og‘riqlarini unuta oladimi?

Biz ham iqtidorli qiz — Mushtariy bilan sodir bo‘lgan ayanchli hodisa yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarning qonuniy chora ko‘rishlaridan umidvormiz. Bizning o‘rganishlarimiz hali davom etmoqda. Voqea yuzasidan ma’lum bo‘lgan yana ko‘plab tafsilotlarni "Darakchi" gazetasining 44-sonida o‘qishingiz mumkin.

Farida Egamberdiyeva, jurnalist

Maftuna Jo‘rayeva, fotomuxbir


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!