Dehqonobodda Lacetti va Isuzu to‘qnashishi natijasida yong‘in chiqdi. 4 nafar kishi vafot etdi

Dehqonobodda Lacetti va Isuzu to‘qnashishi natijasida yong‘in chiqdi. 4 nafar kishi vafot etdi

Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida Toshkent shahrida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi Lacetti Xorazm viloyatida yashovchi haydovchi boshqarib kelayotgan Isuzu yuk mashinasi bilan to‘qnashdi. Kelib chiqqan yong‘in natijasida Lacetti avtomobilidagi to‘rt nafar fuqaro kuyib, vafot etdi. Bu haqda «Daryo»ga tuman hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, M39 xalqaro avtomobil yo‘lining Dehqonobod tumanidan o‘tgan qismida Toshkent shahrining Olmazor tumanida yashovchi 53 yoshli fuqaro SH.K. boshqaruvidagi Lacetti Termizdan Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib borayotgan 23 yoshli haydovchi boshqarib kelayotgan Isuzu yuk avtomobiliga urilgan. Oqibatda yong‘in kelib chiqib, Lacetti’dagi to‘rt nafar fuqaro tanib bo‘lmas darajada kuyib, vafot etgan.

«Tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga yong‘in haqida 14:25 da xabar kelib tushdi. O‘t o‘chiruvchilar voqea joyiga 14:27 da yetib borib, yong‘in 14:29 da qurshab olindi va 14:45 da o‘chirildi», — deydi tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi mas’uli O‘tkirbek Yo‘ldoshev.

Tuman IIB xodimlari bilan suhbatlashgan Isuzu haydovchisining ma’lumot berishicha, Lacetti boshqaruvidagi haydovchi katta ehtimol bilan uxlab qolgan va yuk mashinasi yo‘liga chiqib ketib, mashina bilan to‘qnashgan.

Voqea yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!