Davlat xizmatiga ishga qabul qilishda qarindosh-urug‘chilikka yo‘l qo‘yganlar javobgarlikka tortiladi

Davlat xizmatiga ishga qabul qilishda qarindosh-urug‘chilikka yo‘l qo‘yganlar javobgarlikka tortiladi

Davlat xizmatiga ishga qabul qilish va unda faoliyat olib borishda qarindosh-urug‘chilik omillarining oldini olish, bunday holatlarga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlikni belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Qonun loyihasi davlat xizmatchisiga o‘zaro qarindoshlik rishtalariga ega bo‘lgan shaxs bilan xizmat qilayotgani o‘ziga ma’lum bo‘lgan vaqtdan boshlab 10 kun muddat ichida davlat tashkiloti rahbariga bu haqda xabar berish majburiyatini yuklashni nazarda tutmoqda.

Shuningdek, o‘zaro qarindoshlik mehnat shartnomasi tuzilgandan so‘ng aniqlangan taqdirda, ish beruvchi ushbu xodimlardan birini, biri ikkinchisiga bevosita yoki uning nazorati ostida bo‘lmagan avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim)ga o‘tkazish choralarini ko‘rishi shartligi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, davlat xizmatiga qabul qilish va unda faoliyat olib borishda qarindosh-urug‘chilik munosabatlariga yo‘l qo‘yganlik uchun ma’muriy javobgarlik kiritish taklif etilmoqda.

Ma’lumot uchun, Mehnat kodeksining 79-moddasiga ko‘ra, o‘zaro yaqin qarindosh yoki quda-anda bo‘lgan shaxslarning (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘il va qizlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va bolalari), basharti ulardan biri ikkinchisiga bevosita bo‘ysunib yoki uning nazorati ostida xizmat qiladigan bo‘lsa, bir davlat korxonasida birga xizmat qilishlari taqiqlanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!