“Davlat boji kim tomonidan undirilishi kerak?”

“Davlat boji kim tomonidan undirilishi kerak?”

— 2019 yilning avgustida Kogon shahar hokimiyati tomonidan o‘g‘limga akvapark qurish uchun 1,87 ga yer ajratilsin, deb qaror chiqarildi. O‘g‘lim bor mablag‘ani sarfladi. Shu orada o‘g‘lim akvapark loyihasini buyurtirgani va bu uchun 80 mln. so‘m pul to‘lashi kerakligini aytib, mendan yordam so‘radi. Bir xonali kvartiramni sotib, loyiha uchun pul berdim. O‘g‘lim bankka kredit so‘rab murojaat ham qildi, ular tomonidan so‘ralgan hujjatlarni yig‘ib boshlaganida o‘g‘limga ajratilgan yer maydoni 2014 yilda hokimiyat o‘axirasidan chiqarilib, madaniyat vazirligiga berilgani yuzaga chiqdi. Yer madaniyat vazirligiga berilgani haqidagi qaror va kadastr hujjatlarini ko‘rsatishdi. Bugungi kunda o‘g‘lim qilgan sarf-xarajatlarini qaytarib olish uchun sudga murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Biroq davlat bojini avvaldan to‘lash kerakligini aytishdi. Shu talab to‘g‘rimi va davlat boji kim tomonidan undirilishi kerak?
N.SH., Buxoro viloyati

Murojaatga Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi rais o‘rinbosari Olimjon SHAMSIYEV javob berdi:
— Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 185-moddasiga asosan manfaatdor shaxs ma’muriy organning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining qarorlarini haqiqiy emas, ular mansabdor shaxslarining harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risida ariza (shikoyat) bilan, agar bu qaror, harakatlar (harakatsizlik) tufayli:
- uning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzgan;
- uning huquqlari, erkinliklarini amalga oshirishga va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga to‘siqlar vujudga keltirgan;
- uning zimmasiga qonunga xilof ravishda biror-bir majburiyat yuklagan;
- uning u yoki bu sohadagi faoliyatni amalga oshirishi uchun boshqa to‘siqlar vujudga keltirgan deb hisoblasa, sudga murojaat qilishga haqli.

“Davlat boji tog‘risida”gi qonunga ko‘ra, ma’muriy sudlarga beriladigan davlat boshqaruvi organlarining, ma’muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining qarorlari, ularning mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan berilgan arizalar (shikoyatlar) bo‘yicha fuqarolardan BHMning 1 baravari (bugungi kunda 270.000 so‘m), yuridik shaxslar va YATTlardan BHMning 10 baravari (bugungi kunda 2.700.000 so‘m) miqdorida davlat boji to‘lanadi.

“Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasi talabiga ko‘ra, fuqarolarning davlat bojini bo‘lib-bo‘lib yoki kechiktirib to‘lash imkoniyati belgilangan. Shuningdek, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 134-moddasiga ko‘ra, sudya arizani (shikoyatni) va unga ilova qilingan hujjatlarni, agar davlat boji va pochta xarajatlari belgilangan tartibda hamda miqdorda to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagan bo‘lsa, davlat boji to‘lashni kechiktirish, bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkinligi qonunda nazarda tutilgan hollarda esa bu haqda iltimosnoma mavjud bo‘lmasa yoxud iltimosnoma rad etilgan bo‘lsa qaytaradi.

Kodeksning 115-moddasiga ko‘ra, hal qiluv qarori o‘z foydasiga chiqarilgan tarafga ish bo‘yicha qilingan barcha sud xarajatlarining o‘rni, garchi boshqa taraf davlat bojini to‘lashdan ozod etilgan bo‘lsa ham ushbu boshqa taraf hisobidan qoplanadi.

Fuqaro hokim qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda yuqorida ko‘rsatilgan qonun normalariga muvofiq ma’muriy sudga, hokimiyat tomonidan yetkazilgan moddiy zararni undirish masalasida esa javobgar joylashgan yerdagi fuqarolik sudiga tegishli da’vo ariza bilan murojaat qilishga haqli. Fuqarolik sudiga murojaat qilganda davlat boji Davlat boji to‘g‘risidagi qonunning Davlat boji stavkalarining miqdori haqidagi ilovasining 1-bandi “a” kichik bandi talabiga muvofiq da’vo bahosining 4 foizi miqdorida, biroq BXMning 1 baravaridan kam miqdorda to‘lashi lozim bo‘ladi.
Shuningdek, davlat bojini sudga murojaat qilishda oldindan to‘lash imkoni bo‘lmasa, fuqaro FPKning 133-moddasiga asosan sudga davlat boji to‘lashni kechiktirish yoki uning miqdorini kamaytirish masalasida sudga ariza bilan murojaat qilishga haqli.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!