Chiroqchida «Afrosiyob» poyezdi yo‘lini to‘sganlarning 13 nafari sudga chaqirildi

Chiroqchida «Afrosiyob» poyezdi yo‘lini to‘sganlarning 13 nafari sudga chaqirildi

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida elektr ta’minotidan norozi bo‘lib, «Afrosiyob» poyezdi yo‘lini to‘sganlarning 13 nafari sudga chaqirildi, deya xabar berdi «Daryo».

Ta’kidlanishicha, poyezd yo‘lini to‘sganlar ishi 2021 yil 25 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudida ko‘rib chiqiladi.

Bu haqda «Daryo» muxbiri bilan suhbatlashgan Chiroqchi tuman «Ayritom» MFY profilaktika inspektori Ahror Do‘stqulovning ma’lumot berishicha, mazkur ish doirasida 50 nafar fuqaroga chora ko‘rilmoqda.

«Ertaga 13 nafar fuqaro sudga chaqirilgan va ularning xatti-harakatiga sudda baho beriladi», — dedi mahalla profilaktika inspektori.

IIB xodimining qo‘shimcha qilishicha, mazkur voqea bo‘yicha 37 nafar fuqaroga ogohlantirish berilgan.

Chiroqchi tuman hokimligi axborot xizmatining tuman IIB mas’ullariga tayanib xabar berishicha, Chiroqchida 1-sinfda o‘quvchi qiz YTH oqibatida vafot etgach, norozilik bildirib, yo‘lni to‘sgan bir guruh ayollar ishi ham sudda ko‘rib chiqilgan va ularga ogohlantirish berilgan. Biroq, bu haqda jamoatchilikka ma’lum qilinmagan.

Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda 2021 yilning 7 iyun kuni ertalab soat 09:00 dan 10:20 larga qadar «Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli» unitar korxonasiga qarashli Ayritom temir yo‘l bekati hududida Chiroqchi tuman Ayritom qishlog‘i fuqarolari temir yo‘l ustiga yig‘ilganligi aks etgan video tarqalgandi. Keyinchalik bu voqeaga elektr ta’minotidagi cheklov sabab bo‘lgani ochiqlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!