Chirchiqda mahalla tomonidan aholiga sifatsiz kolbasa tarqatilgani rostmi?

Chirchiqda mahalla tomonidan aholiga sifatsiz kolbasa tarqatilgani rostmi?

Chirchiq shahridagi «Madaniyat» mahalla vakillari tomonidan hudud aholisiga sifatsiz kolbasa mahsulotlari tarqatilgani haqida internetda xabarlar tarqaldi.

Mazkur holat bo‘yicha mas’ullarga javobgarlik belgilandimi?

Chirchiq shahri hokimligi tomonidan mazkur holat tafsilotlari bo‘yicha e’lon qilingan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Chirchiq shahrida faoliyat yurituvchi xususiy tadbirkor tomonidan xayriya tarzida taqdim qilingan 160 dona kolbasa va 160 dona qolipli non mahsulotlari “Saxiy insonlar birlashamiz” guruhi tomonidan “Madaniyat” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi umumiy yotoqxonada yashovchi fuqarolarga tarqatilgan.

“Saxiy insonlar birlashamiz” guruhi rahbari Otabek Hamdamov mazkur xayriya tashubbusini amalga oshirish, xayriya mahsulotlarini aholi uylariga yetkazib berishda mahalla vakillari ishtirokini ta’minlash maqsadida “Madaniyat” mahalla fuqarolar yig‘iniga murojaat qilgan hamda mazkur murojaat asosida aholiga kolbasa va non mahsulotlarining tarqatilish jarayonlarida mahalla vakillari ham ishtirok etishgan.

Ammo ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda tushunib-tushunmasdan kolbasa mahsulotlari bevosita, to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahalla xodimlari tomonidan taqdim etilgani aytilmoqda.

Shu bois yana bir bor  ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum bir holat yuzasidan xabar qoldirayotgan, unga munosabat bildirayotgan yurtdoshlarimizdan, avvalo, mavzu tafsilotlarini chuqur o‘rganib, keyin muayyan xulosaga kelishlarini so‘rab qolardik.

Hozirda yuqorida keltirib o‘tilgan holat yuzasidan Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan tergovdan oldingi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Bu haqda AOKA huzuridagi shtabda bo‘lib o‘tgan brifingda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot kotibi Saodat Boymirzayeva ma’lum qildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!