Chexiya prezidenti Rossiyani internetdan uzishni taklif qildi
Chexiya prezidenti Rossiyani internetdan uzish, banklarini global moliya tizimlaridan ajratish hamda NATO havo hududini buzgan aviatexnikasini urib tushirishni taklif qildi.
Petr Pavel bu haqda The Guardian gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Siyosatchi Rossiyaning alyansga qarshi provokasion xatti-harakatlariga qarshi turish uchun yetarlicha keskin, hatto assimetrik javoblar berish zarurligini aytdi. Aks holda Rossiya o‘z harakatlarini yanada kuchaytirishi xavfi borligini ta’kidladi.
Chexiya prezidenti “AQShning Rossiyaga bosim o‘tkazishda qat’iyasizligi”dan norozilik bildirdi. Ammo prezident Donald Trampni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanqid qilishdan o‘zini tiydi. Buning o‘rniga Pavel NATO a’zolarini Rossiyaga nisbatan qat’iy pozisiyani egallashga undash zarurligiga e’tibor qaratdi.
"Afsuski, Rossiya, chiroyli so‘zlarni tushunmaydi. Ular asosan kuch tilini va bu kuchning amaliy harakat bilan mustahkamlanishini tushunadi. Agar NATO havo hududini buzish holatlari davom etsa, biz dron yoki boshqariladigan samolyotlarni urib tushirish to‘g‘risida qaror qabul qilishimizga to‘g‘ri keladi", — dedi u.
Siyosatchining ta’kidlashicha, alyans, shuningdek, odamlarning o‘limiga sabab bo‘lmaydigan, ammo Rossiyaga bu yo‘l noto‘g‘ri ekanini tushuntirib qo‘yish uchun yetarlicha sezilarli bo‘lgan assimetrik choralarni ham ko‘rib chiqishi kerak.
"Masalan, internet yoki sun’iy yo‘ldoshlarni o‘chirish mumkin. Starlink jang maydonida qanday o‘zgarish qilganini ko‘rdingiz. Shuningdek, Rossiya banklarini moliya tizimidan uzib qo‘yish ham yo‘li ham mavjud", — dedi Petr Pavel.
