CCV: Bolalar va o‘smirlar sog‘ligi hamda ongi uchun foydali axborotlar jamlangan yangi platforma yaratildi

CCV: Bolalar va o‘smirlar sog‘ligi hamda ongi uchun foydali axborotlar jamlangan yangi platforma yaratildi

Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida o‘smirlarning faol hayot kechirishi, bilim olishiga ko‘maklashish va internetda xavfsizligini ta’minlashga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Sog‘liqni saqlash vazirligi onalik va bolalikni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Sevara Ubaydullayeva, YUNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Jofri Ijunba, Xalq ta’limi, Ichki ishlar vazirliklari mas’ul xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda bugungi globallashuv davrida axborot tarqatish imkoniyatlari keng ekanligi va bu jarayonda yosh avlodni turli axboriy xurujlardan asrash dolzarb bo‘lib qolayotgani alohida ta’kidlandi.

Shu bois YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, hukumat idoralari va mobil aloqa operatori bilan hamkorlikda “Yaxshi narsalar interneti” deb nomlangan yangi platforma ishlab chiqilgani ma’lum qilindi.

— Bugungi kunda ko‘plab yoshlar internetdan, xususan, ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanadi, — deydi S. Ubaydullayeva. — Ularning imkoniyatlarini inkor etmagan holda shuni aytish kerakki, ayni paytda internetdagi zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi juda ko‘p ma’lumotlar aldov va g‘araz maqsadlarda tarqatilmoqda. Bu esa yoshlar sog‘ligi va ongiga salbiy ta’sir etishi aniq. O‘ylaymanki, ushbu yangi platforma bolalar, o‘smirlar, ota-onalarning sifatli, xavfsiz, xolis va foydali axborotdan erkin foydalanishini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

Mazkur dastur “Sog‘liqni saqlash”, “Ruhiy salomatlik”, “Ta’lim”, “Inson huquqlari”, “Yo‘l harakati xavfsizligi” kabi yo‘nalishlar bo‘yicha zarur tushunchalarni o‘z ichiga olgan.

Ayniqsa, ushbu loyiha internetdan foydalanish imkoniyati cheklangan, bunga sharoiti yo‘q aholi qatlami uchun ham mo‘ljallangani e’tiborga molik. Eng asosiysi, undan foydalanish mutlaqo bepul.

Platforma o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida faoliyat ko‘rsatib, ayni paytda uning kontentini boyitish ustida ish olib borilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ishchi guruhi, YUNISEF ekspertlari, volontyorlar yordamida platforma kontentini to‘liq o‘rganib chiqish ishlari yakuniga yetdi. Ushbu innovasion dastur bugundan boshlab ishga tushadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!