Buzilgan bino evaziga tadbirkorga 400 million so‘mdan ortiq kompensasiya undirib berildi

Buzilgan bino evaziga tadbirkorga 400 million so‘mdan ortiq kompensasiya undirib berildi

Andijon shahar hokimining 2000 yil 22 iyundagi Farmoyishi bilan tadbirkor Akbarjon Abdukaxarovga shaharning Do‘stlik mahallasi hududidan 0,11 gektar yer maydoni “Choyxona, sartaroshxona, mahalla idorasi, dorixona binolari” qurish uchun berilgan. Bir vaqtlar bo‘sh turgan joy o‘rnida ko‘rkam bino qurib, bir necha yillar tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan.

Ammo oradan 18 yil o‘tib, tadbirkorga tegishli bo‘lgan ushbu yer uchastkasi Andijon shahar bosh rejasiga asosan loyihaviy Furqat ko‘chasi ochilishi rejalashtirilgach, shahar hokimining 2018 yil 23 noyabrdagi qarori bilan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan buzilishga tushgan va to‘liq buzib tashlangan. Bu haqida Andijon shahar adliya bo‘limi bosh maslahatchisi Azizbek Raupov xabar bermoqda.

Oradan ikki yil o‘tib, 2020 yilning dekabr oyida shahar hokimligi va mulkdor o‘rtasida kelishuv shartnomasi tuzilib, imzolangan. Shartnoma shartlariga ko‘ra, shahar hokimligi tomonidan tadbirkorga tegishli bo‘lgan binolar buzilishga tushganligi sababli o‘rniga va tovon puli evaziga shahar hududidan yakka tartibda uy-joy qurish uchun o‘lchami 400,0 kv. metrdan iborat beshta yer uchastkasi ajratib berish majburiyatini olgan. Biroq hokimlik tomonidan mazkur kelishuv shartnomasiga asosan atigi ikkita yer uchastkasi ajratib berilgan xolos. Qolgan yer maydoni esa paysalga solib kelingan.

Akbarjon Abdukaxarov Andijon shahar adliya bo‘limiga murojaat qilib, bugungi kunga qadar ajratib berilmagan yer uchastkalari uchun shahar hokimligidan kompensasiya pullarini undirib berishni so‘ragan.

Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va jamoat yehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 8-bandiga ko‘ra, yer uchastkalarini olib qo‘yish munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan zararlarni qoplash yo‘li bilan amalga oshirilishi belgilangan. Yer kodeksining 41-moddasida esa yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilari va mulkdorlari huquqlarining buzilishi natijasida yetkazilgan zarar (shu jumladan boy berilgan foyda) to‘la hajmda qoplanishi kerakligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Andijon shahar adliya bo‘limi yuqoridagi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga asoslanib, tadbirkorning manfaatini ko‘zlab, Andijon tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritdi.

Sudning 2023 yil 16 yanvardagi hal qiluv qaroriga asosan da’vo to‘liq qanoatlantirilib, Andijon shahar hokimligidan tadbirkor Akbarjon Abdukaxarov foydasiga buzilgan savdo do‘koni bino-inshooti uchun baholash xulosasi asosida 432 million 852 ming 516 so‘m kompensasiya to‘lovi va 2 million 514 ming 900 so‘m moddiy zararni undirish belgilandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!