Buxoroda O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan korxona ishga tushdi

Buxoroda O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan korxona ishga tushdi

Buxoro shahrida “Tibtexnika” O‘zbekiston- Janubiy Koreya qo‘shma korxonasi ish boshladi.Janubiy Koreyaning “Vujin Pleimvujin pleim”, “KFM co ltd“, “Naomix Sorporation”, “Osy med co ltd”, “Pinico biomed materials co ltd”, “Reno medical co ltd” kompaniyalari bilan hamkorlikda “Tibtexnika” MCHJ negizida barpo etilgan korxona koronar stendlar, koronar ballonlar va diagnostik kateter va introdyuserlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Loyihaning umumiy qiymati 5,3 mln AQSh dollari miqdorida bo‘lib, uning 2,5 mln dollari kredit hisobidan, 1,0 mln dollari tadbirkor mablag‘lari va 1,8 mln dollari xorijiy investorlar hisobidan amalga oshirildi.

-Mazkur loyiha muhim ijtimoiy ahamiyatga egaligi bilan e’tiborni o‘ziga tortadi,-deydi viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining rentgenendovaskulyar xirurgiya bo‘limi jarrohi G‘ulomjon Xolov.- Gap yurak – qon tomir kasalliklarini davolashda stentlash amaliyotini bajarish uchun zarur jihozlar to‘g‘risida bormoqda.Hozirga qadar bunday jihozlar mamlakatimizga xorijdan keltirilayapti.Tabiiyki, narxi ham baland.O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan ushbu korxonaning ishga tushishi ayni muddaodir.Chunki endilikda kerakli vositalarni chetdan xarid qilishga hojat qolmaydi.Ular narxi ham aholiga maqbul keladi, degan umiddamiz.Shifoxonamizda mana, ikki yildirki, yurak – qon tomir kasalliklarini davolashning zamonaviy usuli qo‘llanilyapti.Biz yiliga o‘rtacha mingga yaqin bemorda tashxislash ishini bajaramiz.Shuning 400 nafariga stentlash jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi. Stentlash vositalarining Buxoroda ishlab chiqarilishi nafaqat ichki ehtiyojni qondirish, balki uni xorijga eksport qilish imkoniyatini ham yaratmoqda. 

-Bizning asosiy maqsadimiz yurak xastaliklari, oshqozon – ichak kasalliklarini davolashda samarali usul sanalgan stentlash amaliyoti uchun kerakli tibbiy buyumlar ishlab chiqarishdir,-deydi Janubiy Koreyaning “SVBIO” kompaniyasi prezidenti Yang Te Li.-Bu korxonada yiliga o‘rtacha 10 mingta shunday jihoz ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.Biz o‘zbekistonliklar bilan shu yo‘nalishda hamkorlik qilayotganimizdan mamnunmiz.

Loyihaning ishga tushirilishi natijasida 84 tayangi ishchi o‘rinlari yaratilayapti.Ta’kidlanganidek,6 turdagi tibbiy buyumlar (koronar stend, koronar ballon, koronar o‘tkazgich, diagnostik kateter, introdyuser, diagnostik o‘tkazgich) ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilayapti.Yurak ishemik kasalligi bilan kasallangan bemorlarni kardiointervension usulda davolash imkoniyati kengaymoqda.

Muassasaning to‘la quvvat bilan ishlashi natijasida yiliga 12 million AQSh dollari miqdoridagi tibbiyot buyumlarini eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.Loyihaning yana bir nozik jihati shundaki, bunday tibbiy buyumlar zargarona mehnat mahsuli sanaladi.

Korxonaning Janubiy Koreyaning bir qator kompaniyalari rahbarlari hamda soha xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida o‘tgan tantanali ochilish marosimida ana shular haqida atroflicha so‘z yuritildi.

Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi O‘. Barnoyev ikkala davlat o‘rtasida barcha tarmoqlarda hamkorlik aloqalari izchil rivojlanayotganini ta’kidladi va inson salomatligi bilan bog‘liq bu loyihaning ijtimoiy ahamiyati xususida to‘xtaldi.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq so‘zi” 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!