Buxoroda ijtimoiy tarmoq orqali o‘g‘irlik jinoyatini sodir qilgan talaba qo‘lga olindi

Buxoroda ijtimoiy tarmoq orqali o‘g‘irlik jinoyatini sodir qilgan talaba qo‘lga olindi

Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasining rasmiy veb sayti, «telegram», «instagram», «feysbuk», «yutub» ijtimoiy tarmoqlari, shuningdek, mahalliy va markaziy televideniyalar orqali bir qator targ‘ibot va tashviqot, brifing hamda murojaatnomalar ko‘rinishida fuqarolarimizning turli ijtimoiy tarmoqlarda aldanib qolish holatlari, xususan, internet tarmoqlari foydalanuvchilari tomonidan shaxsiy plastik kartalari maxfiy kodlariga ega bo‘lib, kartadagi mablag‘larni «o‘marayotganliklari» haqida materiallar berib borgan edik.

Biroq ayrim fuqarolarimiz, ushbu ogohlantirishlardan o‘zlariga tegishli xulosa chiqarmaganliklari bois ijtimoiy tarmoq firibgarlarining «qurboni»ga aylanib qolmoqdalar.

Xuddi shu kabi holatlardan biri Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida sodir bo‘ldi.

Qorako‘l tumani Tayqir mahallasida yashovchi fuqaro M.YU., tuman Ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan murojaat qilib, noma’lum shaxs 2021 yilning 10 aprel kuni qizi E.N. ning telefoniga ulangan «Telegramm» messenjeri orqali pul yutug‘i chiqqanligi va yutuqni olish uchun plastik karta raqamini yuborish lozimligini aytib, qizning nomiga rasmiylashtirilgan va ushbu telefonga ulangan plastik karta maxfiy kodi va raqamlarini olishga erishib, plastik karta hisobida bo‘lgan jami 2.551.000 so‘m pullarni yechib olganligini bildirgan.

Mazkur holat yuzasidan tuman Ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, kechiktirib bo‘lmas tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari olib borilgan.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda tuman IIB xodimlari tomonidan hamkorlikda olib borilgan tezkor-texnik, hamda surishtiruv va tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni Navoiy viloyati, Navoiy shahar Me’morlar ko‘chasida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan Buxoro Muhandislik texnologiya institutining 3-bosqich talabasi X.H. sodir qilganligi aniqlangan.

Hozirgi kunda mazkur jinoyat ishi yuzasidan hamda ushbu shaxsning viloyatimizning boshqa hududlarida yoki respublikamiz bo‘ylab sodir etilgan va fosh etilmasdan qolayotgan xuddi shu turdagi jinoyatlarga aloqadorlik masalasini aniqlash maqsadida dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!