Buxoroda ichki ishlar binosida fuqaro vafot etdi

Buxoroda ichki ishlar binosida fuqaro vafot etdi

2022 yil 17 yanvar kechki vaqt Buxoro viloyati prokuraturasiga G‘ijduvon tumani 4-sonli ichki ishlar bo‘limi binosida fuqaro I.T.ning vafot etganligi
haqidagi xabar kelib tushgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinovning "Aniq.uz"ga xabar berishicha, hodisa joyiga viloyat prokurori, viloyat IIB boshlig‘i
va tuman hokimi hamda viloyat prokuraturasi tergov - tezkor guruhi chiqqan.

Aniqlanishicha, 2022 yil 17 yanvar kuni G‘ijduvon tuman ichki ishlar boshqarmasiga fuqaro F.Q. ariza bilan murojaat qilib, unda hududda giyohvandlik moddasi savdosi bilan shug‘ullanib kelayotgan “Asliddin” ismli shaxsga chora ko‘rishni so‘ragan.

Ariza asosida ichki ishlar tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ariza muallifi F.Q.ga 3 dona “SPICHKI” yozuvli gugurt qutilariga joylash-
tirilgan 12,61 gramm “marixuanna” giyohvandlik moddasini 1 mln. 350 ming so‘mga sotgan A.R. ushlangan.

Ashyoviy dalillar bilan ushlangan A.R. bilan o‘tkazilgan surishtiruv jarayonida u “marixuanna” giyohvandlik moddasini tumandagi “G‘ishti” qishlog‘ida yashovchi I.T.dan (1960y.t.) sotib olganligi haqida iqrorlik ko‘rsatuvlarini bildirgan.

Ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida fuqaro I.T. tumandagi 4 - sonli IIBga taklif etilgan.

Ichki ishlar bo‘limiga yetib kelgan I.T.ning sog‘ligi yomonlashgan hamda ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan zudlik bilan tez tibbiy yordam chaqirilgan. Biroq, yetib kelgan shifokorlar fuqaro I.T.ning vafot etganini qayd etgan.

Viloyat prokuraturasining tergov - tezkor guruhi tomonidan 4 - sonli IIB ma’muriy binosi, xizmat xonalari va bino yon atrofi ko‘zdan kechirilib, holatga aloqador izlar yoki shubhali holatlar aniqlanmadi.

Bundan tashqari, binoga o‘rnatilgan kuzatuv kameralari ko‘zdan kechirildi hamda ularning xotira moslamalari olib qo‘yildi.

Shuningdek, I.T.ning o‘g‘li SH.T. hodisa joyiga chaqirilib, uning ishtirokida murda ko‘zdan kechirildi. Murdani ko‘zdan kechirish jarayonida uning murda tanasida tan jarohatlari yoki uning izlari aniqlanmagan.

Tibbiy ekspertiza birlamchi xulosasiga asosan fuqaro I.T.ning o‘limiga yurak qon tomirlar trombozi, o‘pka yallig‘lanishi oqibatida kelib chiqqan o‘tkir yurak qon tomir yetishmovchiligi sabab bo‘lgan.

Bundan tashqari, tuman tibbiyot birlashmasining ma’lumotiga ko‘ra, I.T. muqaddam yurak xuruji bo‘yicha davolanib kelganligi hamda jarrohlik amaliyoti orqali bitta buyragi olib tashlanganligi aniqlangan.

Hozirda, fuqaro A.R.dan giyohvandlik moddasi olinganligi holati yuzasidan G‘ijduvon tuman IIB TB tomonidan unga nisbatan JKning 273 - moddasi 5 - qismi jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, I.T.ning vafot etganligi holati yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tekshiruv davomida, G‘ijduvon tuman IIB xodimlarining harakatlariga qonuniy baho berilishini ta’minlash maqsadida xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Tergovga qadar tekshiruv natijasi yuzasidan qo‘shimcha ravishda ma’lumot beriladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!