Buxoroda 2,1 milliard so‘mlik suyuq nikotinning noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yildi
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan respublikamiz hududiga olib kirilishi taqiqlangan nikotin moddasining yirik partiyasini noqonuniy ravishda olib kirishga bo‘lgan urinish fosh etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, mamlakatimizga import bojxona rejimi ostida olib kirilgan yuklar bojxona hujjatlarida parfyumeriya mahsulotlari ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan xomashyo sifatida deklarasiyalangan.
Biroq yuklar “Xavfni boshqarish tizimi” tomonidan “sariq yo‘lak”ka yo‘naltirilib, bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan. Tekshiruv jarayonida maxsus tezkor ekspress moslamasi yordamida olingan namunalar tahlili natijasida mahsulot aslida suyuq nikotin ekani aniqlangan.
Keyinchalik X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi tomonidan berilgan xulosada ham mazkur modda asosan elektron sigaretalar ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan suyuq nikotin ekanligi tasdiqlangan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, umumiy og‘irligi 70 kilogrammni tashkil etgan ushbu suyuq nikotinning qiymati 2 milliard 100 million so‘mga teng ekanligi qayd etildi.
Hozirda holat yuzasidan barcha prosessual harakatlar yakunlangan bo‘lib, mazkur tovarlar tegishli sud qaroriga asosan belgilangan tartibda yo‘q qilinishi ta’minlanadi.
