Buxoro tarixidagi karantin

Buxoro tarixidagi karantin

Sizningcha, yurtimizda karantin qoidalari ommaviy ravishda tatbiq etilishi 2020 yilda ro‘y berdimi? Javob berishga shoshilmang? To‘g‘ri, tariximizda yuqumli kasalliklarning ommaviy tarqalish holatlari bo‘lgan. Viruslar turli asrlar va yillarda minglab odamlar hayotiga zomin bo‘lgan. Hukumatlar, ma’murlar bunga o‘z imkoniyatlari doirasida choralar qo‘llagan. Lekin hududimizda oldin ham karantin holati e’lon qilingan, dezinfeksiya vositalari qo‘llanilganmi?

Buxoroda karantin

Sadriddin Ayniyning “Esdaliklar” asarini o‘qib, 1893 yilda Buxoroda tarqalgan vabo paytida aynan karantin so‘zi qo‘llanilganiga guvoh bo‘lamiz.

Asarda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 1893 yilning yozida Buxoroda yana vabo paydo bo‘ladi. Kasallik butun Buxoroni qamrab olib, vafot etganlar ko‘pligidan shahar ulamolari fatvosi bilan marhumlarga ommaviy janozalar o‘qila boshlaydi.

Sadriddin Ayniyning yozishicha, Buxoro hukumati shaharga kasallik kirib kelishining oldini olish maqsadida ikkita karantin o‘tkazish joyini tashkil etgan.

Buxoro hukumatining karantinlaridan biri Qarshi cho‘lidagi Chetariq mavzesida, ikkinchisi Karmana yo‘lidagi Xonrabot mavzesida tashkil qilingan. Dashtlarning etagida tashkil topgan bu joylarning har birida bittadan buxorolik tabib va amirning otliq navkarlaridan bir guruhi turardi, deb yozadi u.

Sadriddin Ayniyning guvohlik berishicha, hududga bo‘yradan maxsus kapachalar qurilib, ularning yonlarida ikki-uch katta mis qozonda suv qaynab turar, qozonlarga qopqoq o‘rniga bo‘yra yopib qo‘yilgan. Navkarlar yo‘lovchilarni tutib kelar, tabiblar uning tomirini ko‘rib, sog‘lom, deb hukm qilar, shundan so‘ng yo‘lovchilar kiyimlarini yechib, kapalarga kirar, boshlariga bir chelak suv quyar, ma’murlar ularning kiyimlarini qozon ustiga yopilgan bo‘yra ustiga qo‘yib bug‘lab berardilar. Ammo yo‘lovchilarning cho‘milishiga shu qozondagi suvdan berilardi.

Shu bilan “dezinfeksiya” marosimi tugab, odamlar bug‘da namlangan kiyimlarini kiyib, o‘z yo‘llariga qarab ketganlar.

“Kasalxona emas, kushxona”

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha vaqtda Kogonda yashagan Rossiya ma’murlari ham o‘z tasarrufidagi hududda kasalxona tashkil qilib, temiryo‘l stansiyasida karantin tartiblarini joriy etgan.

“Esdaliklar”da qayd etilishicha, o‘sha vaqtda Buxoroda bittigina kasalxona mavjud bo‘lib, unda bitta rus doktor, bir tarjimon va bitta qashqarlik feldsher ishlagan, xolos. Vaboga qarshi kasalxona ham shular nazorati ostida tashkil topgan.

Lekin kasallik o‘tkazib yuborilgani yoki samarali malhamning yetarli bo‘lmaganidan, bu yerdagi shifokorlar muolajalariga ko‘pchilik ishonmagan.

– Shuning uchun Buxoroning katta boylari kasal bo‘lib qolsa Chorjo‘y yoxud Samarqanddan doktor chaqirar edilar. Agar kasallari safarga chiqishga monelik qilmasa, mazkur shaharlarga o‘zlari borib davolanar edilar, – deb yozadi muallif.

Bundan bilish mumkinki, kasalxona asosan avom va kambag‘allar uchun ishlagan. U yerdagi sharoitlar, sanitariya talablariga javob bermagan. Asardagi badiiy tasvirga ko‘ra, kasalxonaning “binolari” bo‘yra kapalar va oddiy chodirlardan iborat bo‘lib, bular bemorlarni na Buxoroning miyani qaynatuvchi oftobidan, na odamni lohas qiluvchi garmselidan saqlardi.

Asardagi voqealardan yana shuni bilish mumkinki, ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolar, shahardagi issiq harorat, tibbiyotga oid tushunchalarning yetarli bo‘lmagani kasallikning tez tarqalishiga sharoit yaratib, o‘lim holatlarining ko‘pligi aholi orasida qo‘rquv va vahima keltirib chiqargan. 1889 yilning iyun oylarida Buxoro shahrida tarqalgan vabo ham minglab insonlarni yostig‘ini quritgan (ular orasida Sadriddin Ayniyning ota-onasi ham bo‘lgan), shu bois ko‘pchilik yuqumli kasallikning qanchalik xavfli ekanini yaxshi tushungan.

Kasallikni bartaraf etishga Buxoro ma’murlari – qozi kalon, qushbegi yugurdaklari va mirshablar keng jalb qilinib, ular ko‘chalardan bemorlarni tutib kelib, o‘sha kasalxona doktori va feldsheriga topshira boshlagan.

Ammo kasalxona ishga tushgan dastlabki haftada bu yerga keltirilgan bemorlardan birortasining tirik chiqmagani, odamlar orasidagi vahimani yanada kuchaytiradi.

– Mohiyat e’tibori bilan bu joy kasalxona emas, kushxonaning o‘zi bo‘ldi, – deb yozadi muallif.

Natijada, kasallik belgilari kuzatilgan, kasalga yo‘liqqanlar uydan chiqmaydigan bo‘lib qoladi. Adib bunday odamlarni ranggi o‘chgan odamlar, deb ta’riflaydi. “Holbuki Buxoro xalqining ko‘pchiligi rangi siniq odamlar edi”. (S.Ayniy “Esdaliklar”).

Asardan bilish mumkinki, bu hol odamlarning qattiq noroziliga sabab bo‘ladi. Aholining guruh-guruh amir arkiga borib, fig‘on ko‘tarishi natijasida Buxoro amiri fuqarolarni kasalxonaga olib borish haqidagi farmonini bekor qiladi.

– Endi vaboga qarshi bu kasalxonaning vazifasi Rossiya fuqarolarini o‘ldirish bo‘lib qoldi. Buxoro hukumatining ikki ma’muri, Rossiya davlatining siyosiy vakolatxonasining soqchilaridan ikki kavalerist kazak va kasalxona tibbiy xodimlaridan biri ko‘chama-ko‘cha aylanib, yo‘liqqan bemorning hujjatlarini tekshirib, Rossiya fuqarosi ekanini aniqlab, so‘ng kasalxonaga olib borardilar, – deb voqeani ko‘zingiz oldida gavdalantiradi adib.

 Bir kuni…

“Bir kun men quyidagi voqeaning ustidan chiqib qoldim. Ikki nafar Buxoro ma’muri va bitta hamshira, aftidan, armaniga o‘xshash bir ayolni ikki otliq faytonga bosib kasalxona tarafga olib ketmoqda edilar. Otliq kazaklar faytonning ikki tarafida posbonlik qilib borardilar. Xotin Men musulmon bo‘lganman, janobi oliyning fuqarosiman, deb faryod qilar va o‘zi shu qadar baquvvat ediki, faytonda uch kishining qo‘l ostidan dast turib, o‘zini faytondan tashlamoqchi bo‘lib, belidan yuqorisini yerga egib, kuchli qo‘llari bilan yerga tirmashar, otliq kazak­lar qamchi bilan uning qo‘li va boshiga urardilar, ammo u bunga hech parvo qilmay: Men musulmonman, men janobi oliyning fuqarosiman, meni o‘limga olib borishga haqingiz yo‘q!, deb faryod chekardi. (S.Ayniy Esdaliklar).

Sadriddin Ayniyning “Esdaliklar”ini o‘qiy turib, yozuvchining ijtimoiy-siyosiy voqealarni ziyraklik bilan kuzatib, o‘sha davrdagi hayot haqida qimmatli ma’lumotlar qoldirganligiga guvoh bo‘lish mumkin. Asarda muallif o‘sha davrning eng arzon ovqati bo‘lgan no‘xat sho‘rvani ichib, o‘zi ham vabo kasaliga chalinganini, 29 kun mobaynida hushsiz yotganini, bir mo‘ysafid chol uni xalq tabobati yordamida davolab, parhez bilan oyoqqa turishiga yordam berganini yorqin tasvirlarda ifodalab beradi.

Xullas yuqumli kasalliklar ham, karantin ham bizga begona emas. To‘g‘ri, bugungi sharoit va tibbiyot imkoniyatlari Sadriddin Ayniy yashagan davrdagidan ancha yuqori. Odamlarning tibbiy bilimlari oshgan. Lekin viruslardan himoyalanish uchun buning o‘zi yetarli emas. Hozircha kasallikdan saqlanish uchun karantin tartiblariga rioya qilishdan ko‘ra samarali vosita yo‘q. Demak, karantin mavzusi hamon dolzarb.

Dilshod BO‘RIYEV,
jurnalist
Manba: “Ishonch” gazetasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!