“Bulvardagi ishni ko‘rib, tilimni tishlab qoldim”

“Bulvardagi ishni ko‘rib, tilimni tishlab qoldim”

Meni qishloqdagilar “dunyokezar”, “qidirmakash”, “sayyoh bobo” va boshqa shunga o‘xshash bir necha laqablar bilan atashadi. Asl otim o‘zimning ham esimdan chiqayozdi shu kunlarda. Kim nima deb chaqirsa, hov, deb ketaveraman. Hamma laqablarimdanam ko‘proq menga “sayyoh bobo” degani yoqadi, zamonaviyroqda.  Nima qilay, mehmondorchilikka borish, qarindoshlarni yo‘qlab turish, qadimiy shaharlarni ziyorat, tabiat qo‘yniga sayohat qilish, xullas, dunyo kezish menga bobomeros. Bu odat avloddan avlodga o‘tib kelmoqda. Nega endi bu an’anani men davom ettirmas ekanman. Hozir Yoz fasli, bolalar uchun ta’til. Ta’til bo‘lmagan paytlardayam, prezidentimiz baraka topsin, boshlang‘ich sinfda o‘qiydigan nevaralarimga haftada ikki kun - shanba va yakshanba kunlarini dam olish qilib qo‘yibdi. Sayyohatga chiqqanlaringda shu kichkintoylarniyam olib ketinglar deganimasmi bu?! Qayga borsam bir nevramni yetaklab olaman. Qarindoshlar bilan mehrli bo‘lsin, shahar ko‘rsin, tarixni o‘rgansin, maza qilib dam ham olsin, deymanda.

O‘tgan juma kuni kampirim gashtagidan bir gap topib keldi. Nima emish, universitetda o‘qib yurgan paytlarimizda bulvarda kitob o‘qib o‘tirganimizda bizga soya berib turgan daraxtlarni kesayotganmish. Tepa sochim tikka bo‘ldi. Hassamni qo‘ltiqlab, kenjamning uchinchi sinfni tamomlagan o‘g‘lini yetaklab, qaydasan Samarqand, deya yo‘lga otlandim. Uzr, jahlim chiqqanidan kampirim haqida aytmabman, kampirim bilan bulvarda tanishganman. U “filfak”ni tugatgan, men “tarix”ni.

Shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi. Kampirlaram ko‘p narsani biladida. Ko‘klam pallasi Qiyqimning asfalt yo‘lini sel ob ketibdi, deb gap topib kelganda borib ko‘rdim, rost bo‘b chiqdi. Endi bulvarga bordim, bu yerdayam kampir aytgan gap rost bo‘b chiqsa, daraxtlarni kesganlarni hassam bilan solaman, deb tursam... Yo‘q, hartugul sal boshqacha vaziyat. Viloyat hokimi tashabbusi bilan yoshlik davrlarimiz o‘tgan bulvarni yanayam chiroyli ko‘rinishga keltirish uchun ishlar boshlanibdi. Nevaramga Amir Temur bobosining haykalini ko‘rsatdim. Haykalning orqa tarafida amalga oshirilayotgan ishlar haqida mashinasida qog‘oz titkilab o‘tirgan bir kattakondan so‘radim. U universitet xiyobonida aholining madaniy dam olishini mazmunli tashkil etish maqsadida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilayotgani, xiyobondagi bironta daraxtga ziyon yetmasligi, qolaversa, hududning tarixiyligi, hamyurtlarimiz hamda xorijlik sayyohlar uchun ahamiyatli maskan ekanligini hisobga olgan holda, ularning kechayu kunduz sayr qilishi, maroqli dam olishiga asqotuvchi barcha qulayliklar yaratilishi haqida gapirdi. Nevaramga qarab qo‘yib, bu yerda favvoralar, sayrgohlar, yengil jismoniy mashqlar uchun sport uskunalari, sharqona uslublarda tayyorlangan o‘rindiqlar, Wi-Fi zonalar, axborot xizmatlarini ko‘rsatuvchi markaz tashkil etiladi, deb qo‘shib qo‘ydi. “Vay-Fay” deganiga uncha men tushunmadimu, ammo nevaram shu gapiga “o‘ zo‘r-ku” deganidan yaxshi narsa ekanligini angladim. Internetni o‘rganganman-ku, buniyam o‘rganarman hali.

Xullas, kampirni gapiga kirib, bulvarni buzadiganlarni enasini uchqo‘rg‘ondan ko‘rsataman, deb 100 kilometr yo‘l bosib keldimu, tilimni tishlab qoldim. Ammo, qitmirligim tutib baribir jim ketmadim. Kun tushlikdan oqqaniga ham ancha bo‘lgan. Ishlasa quyosh nuri kuydiradigan darajadamas. Kech desak hali quyosh botishiga ancha bor. Xiyobonda ishlayotganlarning anjomlari turibdi-yu o‘zlari ko‘rinmaydi. Yana mashinada o‘tirgan kattakonga yuzlanib:

- Qani bu ishchilaring? - deb so‘radim. 

- Shu bugun ertaroq javob bergandim, ertaga vaqtli kelib ish boshlashadi, - dedi u.

Hassamni yerga bir to‘q etib urib qo‘yib, qovog‘imni uyinqirab dedim:

- Aytib qo‘yay, uka, biz tokzorimizdagi uzumlarni yig‘ishtirib, yana 15 kun bir oyning ichida kelamiz. Shungacha tayyorlab qo‘yinglar. Nevaramni bir samokatda uchiraman.

Shundan so‘ng nevaram bilan yetaklashib, shaharning boshqa diqqatga sazovor joylarini tomosha qilish uchun yo‘limizda davom etdik. Siyob bozor tomondayam ko‘p sarguzashtlarning guvohi bo‘ldik.

Manba: zarnews.uz

SAYYOH BOBO.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!