«Bu endi bo‘g‘oz emas, balki boshi berk ko‘cha»: AQSH–Eron zarbalariga jahon OAV qanday baho bermoqda?
AQSh va Eron o‘rtasidagi o‘zaro harbiy zarbalarning qayta boshlanishi xalqaro ommaviy axborot vositalarida keng muhokama qilinmoqda. Tahlilchilar bu holat yaqinda erishilgan tinchlik kelishuviga putur yetkazishi va Hurmuz bo‘g‘ozi orqali jahon energetika ta’minotiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Tehran Times (Eron) nashrining yozishicha, AQShning yangi hujumlari 17 iyun kuni Pokiston vositachiligida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumining ochiq buzilishi hisoblanadi. Nashrga ko‘ra, Eronning javob harakatlari mamlakatning harbiy salohiyati saqlanib qolganini namoyon etgan va bu kabi hujumlar Tehronning qat’iyligini yanada kuchaytirgan.
Fox News (AQSh) esa Hurmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat qo‘shni Ummonning iqtisodiy kelajagiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini qayd etdi. Nashr fikricha, Ummon Eron bilan yaqinlashish o‘rniga AQSh va mintaqadagi boshqa hamkorlar bilan hamkorlikni kuchaytirishi manfaatliroq.
Hafta (Hindiston) nashri Fors ko‘rfazida geosiyosiy beqarorlik yana kuchayganini ta’kidlab, tankerlar uchun xavfsiz yo‘nalish qolmaganini yozdi. Nashrga ko‘ra, Hurmuz bo‘g‘ozidagi har bir dengiz yo‘lagi xavf ostida bo‘lib, bu xalqaro dengiz tashuvlari uchun katta noaniqlik yaratmoqda.
Le Monde (Fransiya) esa tahlilini «Bu endi bo‘g‘oz emas, balki boshi berk ko‘cha» sarlavhasi bilan e’lon qildi. Nashrning ta’kidlashicha, AQSh va Eron o‘rtasidagi havo hujumlarining qayta boshlanishi inqirozni tezkor hal etish imkoniyatlarini keskin kamaytirdi. Shu bilan birga, Donald Trampning harakatlari Amerika jamoatchiligi orasida ham keng qo‘llab-quvvatlanmayotgani qayd etilgan.
