Britaniya ta’lim fondi O‘zbekistondagi iqtidorli talabalarni rag‘batlantirish dasturlarini kengaytiradi
O‘zbekiston elchixonasida Buyuk Britaniyaning «Sturgeon Foundation» fondi raisi Kerol Grem bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
«Sturgeon Capital» kompaniyasi 2010 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Markaziy Osiyo mamlakatlarida aktivlarni boshqarish va startaplarga sarmoya kiritishga ixtisoslashgan. Bugungi kunda «Sturgeon Capital» O‘zbekistondagi startap loyihalarga, jumladan «Zoodmall.uz», «Arzon Apteka», «Finmedia» va boshqa loyihalarga investisiya kiritgan. Xorijiy tomon xususiy kompaniyalar vakillari va istiqbolli startaplar bilan yangi biznes loyihalarini aniqlash va ularning ustav kapitaliga investisiya kiritish masalasini o‘rganishni rejalashtirgan.
Britaniya tomoniga respublikada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari haqida so‘zlab berildi.
Oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar, jumladan, ikki tomonlama diplom berish dasturlari, o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.
Kerol Grem O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng-ko‘lamli islohotlarni va yoshlarning sifatli ta’lim olishi uchun yaratib berilayotgan sharoitlarni yuqori baholadi. «Biz O‘zbekistonda Britaniya ta’lim standartlarini joriy etishdan manfaatdormiz. Shuningdek, respublika oliy ta’lim muassasalari bilan turli yo‘nalishlarda uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga ham tayyor miz», - dedi u.
Britaniya vakilining aytishicha, fond 2022 yildan buyon Toshkent xalqaro Vestminster universiteti va Inxa universitetining 15 nafar bakalavr bosqichi talabalarining shartnoma to‘lovlarini qoplab bergan.
Muloqot davomida fondning stipendiya dasturlarida ishtirok etish mezonlari va muddatlari to‘g‘risida ham ma’lumot taqdim etildi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.