Boris Jonson shahzoda Filippning dafn marosimida ishtirok etmasligini aytdi

Boris Jonson shahzoda Filippning dafn marosimida ishtirok etmasligini aytdi

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Britaniya qirolichasi Yelizaveta II’ning turmush o‘rtog‘i shahzoda Filippning dafn marosimida ishtirok etmaslikka qaror qildi. Britaniya bosh vaziri pandemiya sharoitidagi cheklovlar sababli tor doirada o‘tadigan dafn marosimida qirollik oilasining ko‘proq a’zosi ishtirok eta olishi uchun shu qarorga keldi. 

Shahzodaning dafn marosimi 17 aprelda bo‘lib o‘tadi. Pandemiyaga qarshi kurash doirasida amal qilayotgan cheklovlarga ko‘ra, dafn marosimida 30 kishi ishtirok eta oladi. Unda qirolicha Yelizaveta II hamda marhumning farzandlari va nabiralari ishtirok etadi. Jonson marosimdagi o‘z o‘rnini qirollik oilasi a’zosiga bo‘shatib berishni ma’qul topgan. 

Jonson devonxonasi bayonotida ta’kidlanishicha, bosh vazir doimo qirollik uyi manfaati yo‘lida harakat qilishga intiladi va shu sababli shunday yo‘l tutmoqda.  

«Shu tariqa qirollik oilasining iloji boricha ko‘proq a’zosi dafn marosimida ishtirok eta oladi. Bosh vazir marosimda ishtirok etmaydi», deb ma’lum qilingan xabarda. 

Shahzodaning vafoti munosabati bilan mamlakatda 8 kunlik motam e’lon qilindi, qirollik oilasining motam tutishi 30 kungacha davom etadi. Shundan keyin qirolicha o‘z majburiyatlarini bajarishga qaytadi.  

Shahzoda Filipp 9 aprelda 99 yoshida vafot etdi. Dafn marosimi cheklangan sondagi ishtirokchilar bilan o‘tadi, biroq istovchilar uni televideniye orqali kuzatishlari mumkin bo‘ladi. Qirollik oilasi odamlardan marhumga hurmat bajo keltirish uchun Vindzor saroyiga kelmaslikni so‘ragan. Dafn marosimidan keyin shahzoda qirollik oilasining Muqaddas Georgiy ibodatxonasidagi dahmasida dafn etiladi.  

Mirror nashrining xabar berishicha, shahzodaning jasadi bu yerda qirolichaning vafotigacha qoladi. Qirolicha vafotidan keyin uning va shahzodaning jasadi Georg VI ibodatxonasidagi dahmada dafn etiladi. Bu yerda qirolichaning ota-onasi – qirol Georg VI va qirolicha Yelizaveta dafn etilgan. 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!