"Bor, boraver!" desa, taloq tushadimi?

"Bor, boraver!" desa, taloq tushadimi?

Bir vaqt oinaijahon orqali bir sahna asarini ko‘rgandim. Muallif va sahnalashtiruvchi kishilar xalq hayotini bilmaganlari uchun mudhish, fojiaviy xatolarga yo‘l qo‘yganlar. 

Yosh kelin va kuyov hali chimildiq hayotini boshlamay turib, kuyov bir necha marta kelinga: “Otangning uyiga jo‘na!”, “Bor, uyinga ket!”, “Tuyog‘ingni shiqillat!” kabi so‘zlarni aytadi. Holbuki, bizning sharq xalqlarimizda, o‘zbek xalqida erning o‘z jufti haloliga bunday gaplarni gapirishi aslo mumkin emas.

Fiqh kitoblarimizda bunday kinoyaviy so‘zlar tufayli er-xotin o‘rtasiga taloq tushishi ta’kidlanadi. Agar bu so‘zlarni ko‘p bor aytsa, oxiri uch taloqqa yetish xavfi bor.

Shuning uchun xalqimizda ayoli: “Xo‘jayin, otamnikiga boraman”, yoki: “Onamnikiga borgim kelyapti” desa, eri: “Bor”, demas ekan, balki, “Borib kel”, der ekan. “Bor!” degan so‘zning o‘zidan bir kinoyaviy taloq vujudga kelishidan qo‘rqib: “kel” so‘zini qo‘shib qo‘yar ekan. “Kel” so‘zini qo‘shish bilan o‘zlarini, oilalarini ma’naviy falokatdan himoya qilar ekanlar. Qarang, xalqimizda qanday go‘zal, qanday yuksak odob namunalari bor! 

Kamina bu gaplarni hali o‘smirlik chog‘larimda, juda yoshlik mahallarimda eshitganman.

Nodonlik va jaholatning haddi – chegarasi bo‘lishi kerak. Odamzod bu darajada nodon va johil bo‘lmasligi kerak. Ayniqsa, yozuvchi odam, ijodkor shaxs xalq hayotini, milliy odob-axloq asoslarini, xalqning ma’naviy-e’tiqodiy tamoyillarini o‘rganishi va bilishi shart.

Bunday sahna asarlari necha-nechalab oilalarni xonavayron qiladi, necha yuzlab ilmsiz yoshlarning tiliga nojoiz, noxush so‘zlarni joylaydi, hayotini buzadi, oqibatdan nikohi buzilgan holda, ya’ni nikohsiz holda tug‘ilgan bolalar yaxshi axloq va odobdan mahrum bo‘ladi. Chunki hadisi sharifda: “Zinodan va hayzdan tug‘ilgan bolalar yaxshi axloqdan mahrum bo‘ladi”, deyilgan. Bu so‘zga aslo shubha yo‘q.

Mirzo KENJABEK,
"Yoshlarga dil so‘zlarim" kitobidan


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!