“Bolasi bo‘lsa, uydan chiqarolmaymizmi?”

“Bolasi bo‘lsa, uydan chiqarolmaymizmi?”

— Akam bir ayol bilan shar’iy nikoh asosida yashab kelgan. Bir nafar farzandi bor. U ayolni onamning nomida bo‘lgan kvartiraga joylashtirgan. Hozirda akam kelinoyim bilan yarashib olib, oilasiga qaytdi. Biroq ikkinchi uylangani onamning uyidan chiqib ketishni xohlamayapti. «Sudga beramiz», desak, « bolam bor, baribir uydan chiqarib yubora olishmaydi», deyapti. Na «ZAGS»i va na «propiska»si bor. Shunda ham onamni uyida yashayveradimi?
Ismi sir tutildi.

Abbos SAYDAXMEDOV, Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi:
— Fuqarolik kodeksining 164-moddasiga ko‘ra, mulk huquqi shaxsning o‘ziga qarashli mol-mulkka o‘z xohishi bilan va o‘z manfaatlarini ko‘zlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek o‘zining mulk huquqini, kim tomonidan bo‘lmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan iboratdir. Mulk huquqi muddatsizdir.
Fuqarolik prosessual kodeksning 3-moddasiga muvofiq, har qanday manfaatdor shaxs buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqi yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatini himoya qilish uchun fuqarolik sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga (sudga) murojaat qilishga haqli.
Oliy sudi Plenumning 2001 yil 14 sentyabrdagi “Uy-joy nizolari bo‘yicha sud amaliyoti haqida”gi 22-sonli qarorida tushuntirilishicha, uydan ko‘chirish haqidagi nizolar sudlarda ko‘rib chiqiladi.
Oila a’zolar, sobiq oila a’zolari, farandlar (farzandlikka olinganlar)ni turar joydan foydalanish huquqi Uy-joy kodeksining 32-moddasida keltirib o‘tilgan.
Unga ko‘ra, uy, kvartira mulkdorining oila a’zolari, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar, agar ularni ko‘chirib kelgan paytda yozma ravishda boshqa hol qayd etilgan bo‘lmasa, uydagi, kvartiradagi xonalardan mulkdor bilan teng foydalanishga haqlidirlar. Ular mulkdor bergan turar joyga o‘zlarining voyaga yetmagan farzandlarini ko‘chirib kiritishga haqlidirlar, oilaning boshqa a’zolarini esa, uy, kvartira mulkdorining roziligi bilangina ko‘chirib kiritishlari mumkin. Bu shaxslar uy, kvartiraning mulkdori bilan oilaviy munosabatlarni tugatgan taqdirda ham ularda turar joydan foydalanish huquqi saqlanib qoladi. Uy, kvartiraning mulkdori bilan uning sobiq oila a’zolari, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar o‘rtasida turar joydan foydalanish tartibi taraflar kelishuvi bilan belgilanadi.
Turar joy mulkdorining oila a’zolari deb u bilan doimiy birga yashayotgan xotini (eri) va ularning farzandlari tan olinadi. Er-xotinning ota-onasi, shuningdek mulkdor bilan doimiy yashayotgan oilali farzandlari, agar ilgari bu huquqqa ega bo‘lmagan bo‘lsalar, faqat o‘zaro kelishuvga binoan mulkdorning oila a’zosi deb tan olinishlari mumkin.
Murojaatdagi vajlardan ko‘rinishicha, akangiz sha’riy nikohdagi ayoli bilan onangizga tegishli kvartirada birgalikda yashab kelishgan.
Bunday toifadagi nizolarni ko‘rishda, sudlar Uy-joy kodeksining 32-moddasi talablariga muvofiq, mulkdor oila a’zosi uning roziligi bilan kiritilganmi, u kiritilgan paytda doimiy yoki vaqtincha yashashi yuzasidan kelishuv bo‘lgan yoki bo‘lmaganini aniqlaydi.
Agar akangizning qonuniy nikohdan o‘tmasdan yashab kelgan ayoli onangizning roziligi bilan kiritilgan bo‘lsa va u kiritilganida boshqacha yozma kelishuv tuzilmagan bo‘lsa, u turar joydan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.
Turar joydan yashash va foydalanish uchun albatta doimiy ro‘yxat (propiska) bo‘lishi shartligi, aks holda fuqaro turar joydan ko‘chirilishi shart ekanligi qonunda nazarda tutilmagan.
Bunda fuqaro mulkdorning oila a’zosi bo‘lishi va u vaqtincha ijara yoki tekin foydalanish asosida yashab kelmaganligi e’tiborga olinadi.
Shu bilan birga siz ma’lum qilgan ayol uyda yashashda turmush qoidalariga rioya qilishi, uy-joydan foydalanish bilan bog‘liq xarajatlarni o‘z zimmasiga olishi lozimligi qayd etiladi.

Uy-joy kodeksining 74-moddasida agar munisipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining uylaridagi turar joyni ijaraga oluvchi, uning oila a’zolari yoki u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar turar joyni buzayotgan yoxud shikastlantirayotgan yoki undan o‘z maqsadi bo‘yicha foydalanmayotgan yoxud turmush qoidalarini muntazam buzib boshqalarning u bilan bir kvartira yoki bir uyda yashash imkonini bermayotgan bo‘lsalar, bunda ogohlantirishlar va jamoat ta’sir choralari natija bermagan bo‘lsa, shuningdek shartnomada uzoqroq muddat belgilanmagani holda ijaraga oluvchi turar joy haqini olti oy to‘lamagan bo‘lsa, qisqa muddatli ijarada esa shartnomada belgilangan to‘lov muddati o‘tganidan so‘ng ikki martadan ortiq to‘lanmagan holda ijaraga beruvchi yoki o‘zga manfaatdor shaxslarning talabi bo‘yicha aybdorlarni ko‘chirish boshqa turar joy bermasdan amalga oshiriladi.
Yuqoridagilarga asosan siz ma’lum qilgan shaxs agarda turar joyni buzayotgan yoxud shikastlantirayotgan yoki undan o‘z maqsadi bo‘yicha foydalanmayotgan yoxud turmush qoidalarini muntazam buzib boshqalarning u bilan bir kvartira yoki bir uyda yashash imkonini bermayotgan bo‘lsa, bunda ogohlantirishlar va jamoat ta’sir choralari natija bermagan bo‘lsa, uni uydan ko‘chirish haqidagi da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanligingiz tushuntiriladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!