Bolalar ortopediya markazida qanday murakkab operasiyalar o‘tkazilmoqda?

Bolalar ortopediya markazida qanday murakkab operasiyalar o‘tkazilmoqda?

Akbar Tilyakov,
Respublika bolalar ortopediya markazi direktori:

— Muassasamizda kichik yoshli bemorlarning tayanch-harakat tizimidagi tug‘ma va orttirilgan deformasiya hamda nuqsonlar erta bosqichda aniqlanib, innovasion usullarda davolanmoqda.

📊 Xususan, bunday ixtisoslashgan tibbiy xizmat tufayli yiliga minglab bemor o‘g‘il-qizlar sog‘lom hayotga qaytyapti. Ularda shifokorlarimiz tomonidan 70 turdagi operasiyalar o‘tkazilmoqda. Shundan 50 turdagisi murakkab va noyob jarrohlik amaliyotlaridir.

🏥 Markaz diagnostik poliklinika, radiologiya, klinik laboratoriya, anesteziologiya-reanimasiya, operasion blok va 5 ta klinik bo‘limdan iborat.

🔬 Bu yerda o‘zlashtirilayotgan ilg‘or davolash usullari yildan-yilga ko‘paymoqda. Jumladan, joriy yil ilk bor nomukammal osteogenez va boshqa tizimli kasalliklarda "Sofield" operasiyasi, tovon suyagini medializasiyalovchi-korreksiyalovchi osteotomiya, bosh miya falaji oqibatida son suyagining spastik og‘ir chiqishida ushbu tayanch-harakat nuqtasini proksimal valguslovchi osteotomiya kabi murakkab amaliyotlar yo‘lga qo‘yildi.

📌 Shuningdek, rossiyalik professor S. Ryabix ishtirokida 9 nafar bemorda umurtqa pog‘onasining tug‘ma va displastik skolioz kasalligi og‘ir darajalarini zamonaviy taroskopik korreksiyalash hamda stabilizasiyalash operasiyalari o‘tkazildi.

🔎 Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan “Hurriyat” gospitali shifokorlari ham markazga 2 marta tashrif buyurib, mazkur xastalikdan aziyat chekayotgan 10 nafarga yaqin o‘g‘il-qizda xuddi shunday jarrohlik amaliyotlarini bajardi.

👩🏻‍⚕️ O‘z navbatida, xorijiy tajribani muassasamiz faoliyatida tatbiq etish maqsadida Rossiyaning qator nufuzli ilmiy-tadqiqot muassasalarida 8 nafar mutaxassisimiz malaka oshirib qaytdi.

📈 Umuman, o‘tgan yili Respublika bolalar ortopediya markaziga jami 21 ming 721 nafar bemor murojaat qilgan bo‘lsa, ulardan 4778 nafari stasionar davolandi. 2445 nafar o‘g‘il-qizda operativ muolajalar o‘tkazildi.

‼️Natijada chanoq-son bo‘g‘imlari displaziyasi, son suyaklarining tug‘ma chiqishi, tug‘ma maymoqlik va bo‘yin qiyshiqligi, umurtqa pog‘onasi hamda ko‘krak qafasi deformasiyalari, oyoq-qo‘llarning tug‘ma rivojlanish anomaliyalari singari ortopedik kasalliklarga chalingan o‘g‘il-qizlarning salomatligi tiklandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!