BMT: Yil boshidan beri 2,6 millionga yaqin afg‘on qo‘shni davlatlardan qaytdi
Yil boshidan beri 2,6 millionga yaqin afg‘on qo‘shni davlatlardan qaytgan, dedi BMTning Jenevadagi ofisida o‘tkazilgan haftalik onlayn matbuot anjumanida BMTning Qochqinlar bo‘yicha agentligining Afg‘onistondagi vakili Arafat Jamol.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayniqsa Pokistondan og‘ir sharoitlarda qaytayotganlar oqimi tobora o‘smoqda.
— “Yil boshidan beri 2,6 millionga yaqin afg‘on qo‘shni davlatlardan qaytdi. Ulardan ko‘pchiligi qashshoqlik va qurg‘oqchilik hukm surayotgan, gumanitar ehtiyojlar keskin yuqori bo‘lgan mamlakatga o‘z xohishiga qarshi qaytishga majbur bo‘lmoqda,” — dedi u.
Jamolning ta’kidlashicha, Afg‘oniston hozirda **“inqiroz ichidagi inqiroz”**ga duch kelmoqda. Bu holat qochqinlarning ommaviy ravishda qaytishi va halokatli zilzilalar oqibatida yuzaga kelgan.
Sentyabr oyining birinchi haftasidagina 100 mingga yaqin kishi mamlakatga qaytgan. Bu esa yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini jiddiy xavf ostiga qo‘ymoqda.
BMT qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi vakili gumanitar dasturlar moliyalashuvi tugayotganidan ham ogohlantirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy rasmiylar tomonidan keltirilgan to‘siqlar sabab, BMT vaqtincha butun mamlakat bo‘ylab naqd yordam ko‘rsatish punktlari faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan.
— “Qo‘shimcha mablag‘larsiz biz o‘xshash inqirozlarga duch kelgan oilalarga hayotiy yordam ko‘rsatishni davom ettira olmaymiz,” — dedi Jamol.
Uning ma’lumot berishicha, BMT qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi o‘zining mintaqaviy repatriasiya rejasini yangilagan va favqulodda vaziyatlarga javob berish uchun 258,6 million dollar talab qilmoqda.
