Bloger odamlarni mitingga da’vat qilgan: Qoraqalpog‘istondagi namoyish qanday rivojlangani ma’lum bo‘ldi

Bloger odamlarni mitingga da’vat qilgan: Qoraqalpog‘istondagi namoyish qanday rivojlangani ma’lum bo‘ldi

Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida 4 iyul kuni o‘tkazilgan brifingda Bosh prokuratura bo‘lim prokurori Abror Mamatov Nukusda voqealar qanday ro‘y berganini ma’lum qildi. Bu haqda «Bugun.uz» xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 1 iyul kuni soat 14:50 da «El xizmetinde» gazetasi muharriri va bloger Dauletmurat Tajimuratov Telegram ijtimoiy tarmog‘ining «Makan.uz» kanali orqali videomurojaat yo‘llab, unda fuqarolarni 5 iyul kuni soat 17:00 da «Qoraqalpog‘iston Respublikasining ozodligini so‘rab» Jo‘qorg‘i Kenges binosi oldida miting o‘tkazishga da’vat qilgan.

Shundan keyin ijtimoiy tarmoqlar orqali qonunga xilof ravishda miting uyushtirishga fuqarolarni da’vat qilgani uchun 1 iyul kuni soat 15:30 da Dauletmurat Tajimuratov Nukus shahar Ichki ishlar organlari FMBga olib kelingan va ushlangan. Blogerning IIB xodimlari tomonidan ushlaganini bilgan bir guruh shaxslar tartibsizliklar uyushtirib, uni ozod qilishni talab qilib, Nukus shahridagi IIVga qarashli 2-sonli tergov hibsxonasiga va Nukus shahar IIO FMBga borgan.

«Keyinchalik 2022 yil 1 iyul kuni soat 17:30 da Nukus shahri markazidagi ‘Markaziy dehqon bozori’ MCHJ oldidagi avtomobil yo‘lida tartibsizliklar uyushtirishgan. Shundan keyin Dauletmurat Tajimuratov Nukus shahar IIO va FMBdan ozod qilinib, chiqarib yuborilgan bo‘lsa-da, u va uning tarafdorlari tartibsizliklarni yana davom ettirib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatib, O‘zbekistonning amaldagi davlat tuzumini Konstitusiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga va hokimiyatni bosib olishga ochiqdan-ochiq da’vat qilishgan», — dedi Abror Mamatov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2 iyul kuni soat 14:45 da Nukus tumanidan taxminan 300 nafar shaxs Nukus shahri tomon harakatlanib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, Nukus shahridagi blokpostda xizmat olib borayotgan 50 nafar Milliy gvardiya xodimining maxsus vositalarini (rasiya, dubinka, kaska, shumovaya granata, shit) qo‘lga kiritgan.

Hozirda qonun ustuvorligi va jazo muqararligini ta’minlash uchun mazkur holat yuzasidan 2 iyul kuni Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitusiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi yuzasidan tergov hamda tezkor-qidiruv tadbirlari Bosh prokuratura rahbarligida tuzilgan DXX, Bosh prokuratura, IIV, Milliy gvardiya mas’ul xodimlaridan iborat tergov-tezkor guruhi tomonidan olib borilmoqda. Tezkor-tergov guruhi faoliyati hamda tergov, tezkor-qidiruv tadbirlari idoralararo tuzilgan alohida shtab tomonidan muvofiqlashtirib borilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!