Biz bilgan va bilmagan nomzodlar! Aniqrog‘i, bilmaganlarimiz...

Biz bilgan va bilmagan nomzodlar! Aniqrog‘i, bilmaganlarimiz...

Bugungi kunda saylov yaqinlashgani sari siyosiy partiyalardan Prezidentlik uchun ko‘rsatilgan nomzodlar to‘g‘risida jamoalarda, ijtimoiy tarmoqlarda, qo‘yingki, barchaning og‘zida xilma-xil fikr, bahs-munozaralar, munosabatlar bildirilmoqda. Mazkur fikrlar ichida ularning kasbiy professionalligi, ilmiy salohiyati, boshqaruvchilik mahoratiga shubha ostida qarashlar ham uchraydi. Qani, biz ular haqida nimalarni bilamiz?

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Maqsuda Azizovna Varisova. Hozir O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi Deputatlik birlashmalarining ishini muvofiqlashtirish va jamoatchilik qabulxonalari bilan ishlash masalalari bo‘yicha raisi o‘rinbosari sifatida samarali faoliyat olib bormoqda. Mehnat faoliyati va bosib o‘tgan yo‘liga nazar tashlaydigan bo‘lsak, shifokor-terapevt, oilaviy poliklinika mudiri, Kengash deputati, Senat a’zosi kabi lavozimlarda ishlagan. U shifokor bo‘lgani uchun odamlarning nafaqat jismoniy, fiziologik dardini his qila oladi, balki xalqning ichidagi ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy masalalarga ham chuqur kira olgan va tushunadi. Undagi intiluvchanlik, o‘z ustida doimiy ishlashi shifokor-terapevtlikdan rahbarlikka, rahbarlikdan siyosiy hayotga kirib kelishiga asosiy omil bo‘lib xizmat qildi.

Mazkur Prezidentlik saylovida nomzod sifatida yagona ayol kishining mavjud ekani, mamlakatimizda istiqlol yillarida rahbar ayollar sinfi shakllanib kelgani, gender masalalari borasida olib borilayotgan oqilona davlat siyosatining natijasi sifatida e’tirof etish o‘rinli. Dunyo tarixida mamlakatni boshqargan, lider bo‘lgan ayollarga ko‘plab misollar mavjud. Indira Gandi, Margaret Tetcher, Benazir Bxutto va boshqalar. Jahon tajribasi bizga shuni ko‘rsatadiki, Germaniya Federativ Respublikasi kansleri Angela Merkel ketma-ket 4 muddat federal kansler lavozimiga saylanib, mamlakatni muvaffaqiyatli boshqarayotgan ayol rahbarlardan biridir. Mamlakatimiz tarixida ham o‘chmas iz qoldirgan To‘maris, Qurbonjon Dodxoh, Bibixonim, Nodirabegim, Uvaysiy, Zebiniso, Zulfiyaxonim kabi oqila, yetakchi ayollar bo‘lgani ma’lum. Maksuda Azizovna ham Prezidentlik uchun boshqa nomzodlar kabi teng imkoniyatlarga ega. Maksuda Varisova mustaqil O‘zbekiston tarixida birinchi ayol Prezident bo‘lsa ne ajab.

O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan nomzod Bahrom Abdurahimovich Abduhalimov. Mutaxassisligi filolog-sharqshunos, arab va ingliz tillari o‘qituvchisi. Tarix fanlari doktori, professor. Bahrom Abdurahimovichni biz ko‘p yillar fan va ta’lim sohasida faoliyat yuritgan olim sifatida taniymiz. U Markaziy Osiyo tarixi, fan tarixi, islom, sharq qo‘lyozma asarlari, arab davlatlari, arab tili bo‘yicha yirik mutaxassis. Bosib o‘tgan hayot va mehnat faoliyatiga e’tibor bersak, tarjimon, yetakchi mutaxassis, kichik ilmiy xodim, ilmiy xodim, ilmiy kotib, direktor o‘rinbosari, prorektor, Fanlar akademiyasi vise-prezidenti kabi lavozimlarda faoliyat yuritgan. Shuningdek, mehnat faoliyati mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi lavozimida ham faoliyat yuritgan. Ish faoliyati va qaror qabul qilish jarayonida ham ilmiy asosda yondashadi. Uning ilmiy tadqiqotlarining natijalari 100 ga yaqin ilmiy maqola, risola va monografiyalarda o‘zbek, rus, ingliz va arab tillarida e’lon qilingan. Jahon tajribasida olimlarning Prezident sifatida davlat boshqaruviga kelgan misollar talaygina. Mashhur olim, yurist, professor, Nobel mukofoti laureati Vudro Vilson AQShning 28-prezidenti sifatida (1913-1921 yy.) davlatni boshqargan. “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan nomzod Bahrom Abduhalimovni ilmdan siyosatga kirib kelgan katta tajribali shaxs sifatida taniymiz.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Qodirov Alisher Keldiyevich. Hozir mazkur partiyaning Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari sifatida samarali faoliyat olib bormoqda. U mehnat faoliyatini Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligi tizimida yetakchi mutaxassislikdan boshlab, bo‘lim boshlig‘i, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, boshqarma boshlig‘i lavozimlarida shuningdek, Qonunchilik palatasi deputati, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari lavozimlarida faoliyat yuritgan. Mutaxassisligi filolog-iqtisodchi. Qodirovni biz mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotidagi jarayonlarga, bo‘layotgan voqelikka tezkorlik bilan OAVlarida o‘z munosabatini bildirishi bilan taniymiz. Alisher Qodirovning shaxsi, siyosiy-psixologik portretiga chizgi beradigan bo‘lsak, qarashlari, keskin fikrlar bildira olish qobiliyatiga egaligi jihatidan xarizmatik lider sifatida namoyon bo‘lmoqda. Unda hokimiyatga intilish motivasiyasi kuchli. U shaxs va siyosiy rahbar sifatida o‘z partiyasining ishonchini olgan va elektorat ichida ko‘plab odamlar simpatiyasini qozona bilgan nomzodlardan biri.

Mamlakatimizning eng yosh siyosiy partiyasi O‘zbekiston ekologik partiyasidan nomzod Narzullo Naimovich Oblomuradov. Mutaxassisligi iqtisodchi, fan nomzodi, dosent. Buyuk Britaniyaning Birmingem universitetini tamomlagan. Ko‘p yillar oliy ta’lim tizimida kafedra mudiri, dekan lavozimlarida faoliyat yuritgan. Bank-moliya sohasi, qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi mas’ul lavozimlarida ishlagan. Oblomurodov hozirgi kunda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi lavozimida samarali faoliyat olib bormoqda. Mazkur partiya birinchi marotaba Prezidentlik saylovida o‘z nomzodini ilgari surib ishtirok etayotganiga qaramasdan, saylovoldi dasturida davlat va jamiyat boshqaruvida katta islohotlarni amalga oshirishni o‘z oldiga qo‘ymoqda. Uning bosib o‘tgan hayot yo‘liga nazar tashlasak xorijiy tajriba ega bo‘lgan, strategik fikrlay oladigan ilmiy va amaliy tajribaga ega bo‘lgan o‘sib kelayotgan istiqbolli boshqaruv kadrlaridan biri desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyev. Mazkur partiyadan ilgari surilgan nomzod Shavkat Mirmonovich haqida xalqimiz uchun ortiqcha tariflash berishning zaruriyati yo‘q deb o‘ylayman.

Har bir nomzodning ortida katta hayotiy tajriba, chuqur bilim va salohiyat, ularni qo‘llab-quvvatlovchi elektorati turibdi. Yaqinlashib kelayotgan Prezidentlik saylovi o‘zining qizg‘in pallasiga chiqmoqda. Shunday qilib, mamlakatimiz jo‘shqin rivojlanish bosqichiga kirdi, fikrlar xilma-xilligi, yangi siyosiy irodaga ega rahbarlar shakllanayapti. Eng asosiysi, fuqarolarimiz mamlakatda yuz berayotgan siyosiy jarayonlarga befarq emas.

Anvar MIRKOMILOV,

"Taraqqiyot strategiyasi" markazi bosh mutaxassisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!