Bir guruh kinoijodkorlar Saida Mirziyoyevaga murojaat yo‘lladi: "O‘zbek kinosi jar yoqasida"

Bir guruh kinoijodkorlar Saida Mirziyoyevaga murojaat yo‘lladi: "O‘zbek kinosi jar yoqasida"

"Korrespondent.uz" tahririyatiga bir guruh kinoijodkor o‘zlarining O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash Komissiyasi a’zosi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyevaga yo‘llagan murojaatini chop etishni so‘rab taqdim etishdi. Tahririyat murojaatni havola qildi.

“O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash

Komissiyasi a’zosi, Milliy mass-mediani

qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish

jamoat fondi Vasiylik kengashi

raisi o‘rinbosari S.SH.Mirziyoyevaga

 Hurmatli Saida Shavkatovna!

Avvalambor bor, Sizni yangi insonning, farzandingiz, o‘g‘lingiz – Shavkatjonning dunyoga kelishi bilan muborakbod yetamiz. Yaratgandan unga sog‘liq-salomatlik, buvasidek hurmat-e’tiborga sazovor inson bo‘lib ulg‘ayishini tilab qolamiz. Shu bilan birga, Ona uchun eng mas’uliyatli bo‘lgan ayni ana shu pallada Sizga o‘z muammolarimiz bilan murojaat etayotganimiz uchun ming bor uzr so‘raymiz.

Joriy yilning aprel oyida o‘zbekistonlik kinoijodkorlarning 109 nafari “O‘zbekkino” Milliy agentligiga F.Abduxoliqov rahbar etib tayinlanganidan so‘ng o‘zbek milliy kinosi sohasida yuzaga kelgan noxush vaziyat, qonunbuzarliklar haqida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripovga yozma murojaat etgandi. Bu murojaat pandemiya munosabati bilan e’lon qilingan karantin paytida jo‘natilgani tufaylimi, negadir, javobsiz qoldi. Vaholanki, u murojaatda kinoijodkorlar, kinomutaxassislarning oddiy muammolari yemas, balki o‘zbek kinosini muqarrar tanazzulga yetaklayotgan aniq faktlar ham bayon etilgandi.

Shu murojaat yo‘llangandan so‘ng, ahvol yana-da yomonlashdi. Murojaatga imzo chekkan kinoijodkorlar, Agentlik xodimlari, kinomutaxassislar rahbar va uning atrofiga to‘plangan ayrim kimsalarning juda qattiq bosimi ostida qoldi. Bu xatga imzo chekmagan ayrim mutaxassislar ham kino sohasidan ancha yiroq bu kimsalar yuritayotgan siyosatning qurbonlariga aylanishmoqda. Bunday bosimni ko‘rgan, bilgan ko‘plab kinoijodkorlar yesa “yaxshilikcha” bu sohani tark etishni afzal bilishyapti. O‘zbek kinosida yuzaga kelgan bu vaziyat haqida Internet ijtimoiy tarmoqlarida yozib yoki intervyu berib jamoatchilikning e’tiborini bu muammoga qaratishga va shu orqali yechim topishga harakat qilayotgan kinoijodkorlar va xodimlarga ijtimoiy tarmoqlar orqali bosim o‘tkazish bilan kifoyalanmasdan, balki ular ustidan turli huquq-tartibot organlariga hamda boshqa tashkilotlarga tuhmat xatlari yozib, ularga qarshi jinoiy ishlar ochishgacha borishmoqda. Ayniqsa, ayollarga nisbatan boshlangan tazyiqlar (Agentlikning o‘zida F.To‘raxo‘jayeva, N.Yaminova, X.Ismoilova va kino sohasida faoliyat yuritayotgan – F.Jonibekova, L.Karimova), ularning huquqlarini poymol qilish holatlari shu darajaga yetdiki, hatto oilasi karantinga olingani uchun ishga kelolmagan ayollarni ishdan bo‘shatish uchun qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Koronavirus bilan xastalangan farzandini davolash bilan mashg‘ul bo‘lgan ayollar ustidan sog‘liqni saqlash bo‘yicha yuqori muassasalarga, poliklinikalarga qayta-qayta xatlar jo‘natib, hozirgi og‘ir sharoitda (Yurtimizda koronavirusdan xastalangan, bu xastalik tufayli nobud bo‘layotganlar ozmunchami?!) shifokorlarning ham qimmatli vaqtlarini o‘g‘irlanishiga, xodim ayollarni esa asabiylashtirib, ularning sog‘liqlarini yanada og‘irlashishiga sababchi bo‘lishmoqda. Ish joylari qisqartirilgani tufayli sarson-sargardon bo‘layotgan Agentlik xodimlari F.Qoraboyeva va M.Hasanboyeva esa O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi aralashuviga va ular tomondan berilgan yozma xulosa qaramay, bu ayollar hamon ish bilan ta’minlanmagan. Bu holatlarni kuzata turib, beixtiyor Sizning joriy yil 25-fevralda “O‘zbegim ayoli” mukofotini topshirish marosimida aytgan “Ayol bo‘lgani uchun unga ko‘p eshiklar yopiladi”deya afsuslanib, hamda “Ojiza deb atalguvchi siz ayollar har lahzada kuchingiz, bardoshingizni namoyon qilasiz. Sizning har kuningiz qahramonlik. Ko‘zga ko‘rinmaydigan, birov bilib, birov bilmaydigan jasoratdir. Siz tahsinga sazovorsiz”, deya faxr bilan aytgan so‘zlaringizni esladik.

Internet tarmoqlarida muammolarni bayon yetishga harakat qilgan ayollarga nisbatan o‘tkazilayotgan bosim haqida, ayni paytda huquq-tartibot organlarida to‘plangan hujjatlarning hajmi, bemalol, bir necha tomlik asarga yetgulik, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ularni haqoratlash, ularga nisbatan tuhmatlar uyushtirish holatlarini chetda turib kuzatgan odam, bularning bari kinodek buyuk san’at kishilari orasida sodir bo‘layotganidan ajablanishi, turgan gap.

Kinoijodkorlarning ishlab chiqarish jarayonidagi filmlarini sun’iy ravishda to‘xtatish, ularni rahbarga moyilligiga qarab “yaxshi-yomonga” ajratish, bu guruhlarni bir-biriga gij-gijlash, kinolarga sarflangan mablag‘lar to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumotlarni Internet tarmoqlarda joylashtirib, ommada o‘zbek milliy kinosi haqida noxush kayfiyat shakllanishiga turtki berish holatlari kundan-kunga avj olmoqda. Ayniqsa, tuhmat yangi rahbar va uning atrofidagi kimsalarning eng yaxshi quroliga aylangan. Bu kabi tuhmatlar bilan ilgari to‘qnash kelmagan kinoijodkorlar, kinomutaxassislarning sog‘liqlari yomonlashgan (o‘lim holati ham qayd etilgan) vaziyatlar juda ko‘p sodir bo‘lyapti.

O‘zbek kinosidagi bugungi vaziyat haqida yana ko‘p yozishimiz mumkin. Faktlar ham ko‘p. Lekin Sizning qimmatli vaqtingizni tafsilotlar bilan band qilish niyatimiz yo‘q. 2020-yil 26-avgust kuni “Milliy” telekanalida kinoijodkorlar bilan yuzaga kelgan muammolar haqida suhbatlashilib, bu ko‘rsatuv yefirga uzatildi. Bu ko‘rsatuv omma orasiga kirib borishga ulgurgan noto‘g‘ri ma’lumotlarga biroz bo‘lsa-da oydinlik kiritdi. Sizga murojaat qilishimizning sababi juda katta bosim va tazyiqlarga uchrayotgan ayollarimiz uchun, Siz bir najot timsolideksiz, go‘yo.

To‘g‘ri, bu biz yozayotgan ilk maktub emas. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga yozganimizdan keyin boshqa tashkilotlarga ham murojaat etdik. Mashhur kinorejissyor O‘zbekiston san’at arbobi Z.Musoqov ham bedodlikka chidayolmay O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH. Mirziyoyevga murojaat yetdi (Prezident xalq qabulxonasi orqali 2.09.2020-y. tartib raqami 8187-ar/20 va Prezident veb-saytiga va 3.09.2020-y.da tartib raqami 82905-s/20 murojaatlar). Bu xatlarimiz qandaydir to‘siqlarga uchrayotgandek, go‘yo. Chunki, biz Prezidentimizga ishonamiz! Ular bizni bu qiyin ahvolda qoldirmagan bo‘lardilar. Sizdan iltimos qilamiz, o‘zbek milliy kinosini jar yoqasiga kelib qolgani haqida Prezidentimizni ogoh etishda bizga yordam bersangiz.

Sizga cheksiz hurmat bilan bir guruh kinoijodkorlar”.

Ushbu murojaatga imzo chekkanlar:

1. “O‘zbekkino” Milliy agentligi va tizimidagi 7 nafar ayol xodimi – (qo‘shimcha tazyiqlar bo‘lmasligi uchun ism-shariflarini oshkor etilishini lozim topmadik)

2. “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi”, “Do‘stlik” ordeni sohibi kinorejissyor – Jahongir Qosimov ( “Ibrat” tarixiy filmi 2020-y.)

3.“O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist”, kinorejissyor – Abduxalil Mingnorov ( “Termiziy” tarixiy filmi 2019-y.)

4. “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi”, kinorejissyor – Jahongir Ahmedov (“Ilhaq” tarixiy filmi 2020-y.)

5. “Shuhrat” medali sohibi, “Ehtirom” ,“Oltin Humo” milliy mukofoti sovrindori,“KINOSHOK-2019-y.” xalqaro kinofestivali “Gran-pri” g‘olibi – Umid Hamdamov ( “Issiq non” filmi 2019-y.)

6. “Shuhrat” medali sohibi, “Ehtirom”,“Tasanno” milliy mukofotlari sovrindori, Rossiyatelevideniye akademiyasining “TEFI SODRUJESTVO-2019” xalqaro kinofestivali g‘olibi, “Slyavanskaya skazka” xalqaro kinofestivali “Gran-pri”, “Eng yaxshi rejissyorlik ishi” g‘olibi (Sofiya,Bolgariya 2019) – Muzaffarxon Erkinov (“Avloniy” tarixiy filmi 2019-y.)

7. “O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi” a’zosi, bir necha xalqaro kinofestivallar Sovrindori, kinorejissyor – Sarvar Karimov (“Sarvqomat dilbarim” filmi 2018-y.)

8. “O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi” raisi o‘rinbosari, kinossenarist, kinorejissyor – Jo‘rabek Ro‘zmetov (“Islomxo‘ja” tarixiy filmi 2018 y.)

9. “O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi” a’zosi, bastakor, kinoprodyuser – Doniyor Agzamov (“Baron-2” filmi 2020-y.)

10. “O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi” a’zosi, kinoprodyuser – Zafar Yuldashev (“Ilhaq” tarixiy filmi 2020-y.)

va boshqalar…

Murojaatga O‘zbekiston xalq artisti Dilorom Karimova va O‘zbekiston san’at arbobi – Zulfiqor Musoqov hamda 109 nafar o‘zbek milliy kino san’ati ijodkorlarining murojaatlari ilova qilingan.

Tahririyatga ma’lum qilinishicha, murojaat joriy yilning 21 sentyabr kuni Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondiga topshirilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!