Benksi kasalxonada chizilgan o‘z asarini kimoshdi savdosiga qo‘yadi

Benksi kasalxonada chizilgan o‘z asarini kimoshdi savdosiga qo‘yadi

Ko‘cha rassomi Benksi Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash milliy xizmati uchun 3,5 million yevrodan ko‘proq xayriya mablag‘i yig‘ib berishni maqsad qilgan. Bu haqda BBC xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, rassom Sautgemtonning markaziy kasalxonasida COVID-19 pandemiyasining birinchi to‘lqini vaqtida paydo bo‘lgan graffitini auksionga qo‘yadi.

Savdolarda suratning asl nusxasi sotiladi va uning ko‘chirma nusxasi kasalxonada qoladi. O‘lchamlari bir metrga bir metr bo‘lgan asarda superqahramonlarning o‘yinchoq shaklidagi ko‘rinishi bilan o‘ynayotgan bolakay tasvirlangan. Biroq Betmen va O‘rgimchak odamning o‘yinchoqlari axlat chelagiga tashlangan, sababi bola boshqa superqahramonga mehr qo‘ygan: tibbiy niqob va xalat kiygan qo‘g‘irchoq hamshira ular o‘rnini egallagan.

Ushbu tasvir kasalxona rahbariyati bilan hamkorlikda yaratilgan va tezkor yordam bo‘limi yaqiniga joylashtirilgandi.

Christie’s savdo uyi mazkur asarda rassom koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda g‘alabaga bo‘lgan umidni tasvirlagan deb hisoblamoqda.

Avval Nyu-Yorkda Benksining asari 95 ming dollarga sotib olinib, kriptovalyutaga aylantirish maqsadida yoqib yuborilgani, Angliyadagi qamoqxona devorida Benksi tomonidan chizilgani taxmin qilinayotgan graffiti paydo bo‘lgani, Angliyada aksirayotgan kampir aks etgan Benksining yangi graffitisi chizilgani, Nottingemda Benksi graffitisi kompozisiyasining bir qismi bo‘lgan velosiped o‘g‘irlab ketilgani haqida xabarlar berilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!