Belarusdagi tergov hibsxonasida saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarosi murojaati hal etildi
Joriy yilning 15 may kuni O‘zbekiston delegasiyasi a’zolari Ombudsman tashabbusi bilan Minsk shahridagi tergov hibsxonasida saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashuv o‘tkazgan edi.
Uchrashuvda muassasada saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarosi homilador ekani, tergov hibsxonasi sharoitida farzandi dunyoga kelganidan so‘ng uni zarur darajada parvarishlash imkoniyati cheklanganini bildirib, bolaning O‘zbekistondagi yaqin qarindoshlari qaramog‘ida bo‘lishini istashini ma’lum qilgan.
Murojaat nazoratga olinib, farzand tug‘ilganidan so‘ng tegishli davlat organlari va O‘zbekistonning Belarus Respublikasidagi diplomatik vakolatxonasi, MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi hamkorligida zarur huquqiy hamda konsullik tartib-taomillari amalga oshirildi.
Natijada chaqaloqning O‘zbekistonga qaytarilishi uchun zarur hujjatlar rasmiylashtirildi. Joriy yil iyul oyida chaqaloq yaqin qarindoshlari qaramog‘iga topshirilib, O‘zbekistonga olib kelindi.
