Belarus chegarasini ukrainalik qurolli shaxs noqonuniy tarzda kesib o‘tdi

Belarus chegarasini ukrainalik qurolli shaxs noqonuniy tarzda kesib o‘tdi

Belarus Davlat chegara qo‘mitasi Ukraina tomonidan qurolli shaxs chegarani noqonuniy kesib o‘tganini qayd etdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

“Ukraina harbiylari Belarus bilan chegarada provokasiya qilishda davom etmoqda. Voqea kecha, 19 noyabr kuni soat 16:00 atrofida (Moskva vaqti bilan) sodir bo‘lgan. “Slovechno” temir yo‘l nazorat-o‘tkazish punktidagi videokamera qurollangan shaxsning Ukraina hududidagi chegara yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanishini yozib olgan. U temir yo‘l ko‘prigi markazidan o‘tib, chegarani noqonuniy kesib o‘tgan va Belarus hududiga kirgan”, deyiladi xabarda.

Xabarga ko‘ra, ukrainalik harbiy xizmatchi Belarus hududida bo‘lganida foto va videoga olish ishlarini olib borgan, shuningdek, qor ostida biror narsani qidirgan yoki o‘rnatgan. Mazkur fakt yuzasidan tekshirish ishlari olib borilmoqda.

Belarus chegara qo‘mitasining xulosasiga ko‘ra, Ukraina hududiy mudofaa kuchlari va chegara yaqinida joylashgan boshqa harbiylashtirilgan tuzilmalarning past intizomi chegarada qurolli to‘qnashuvga olib kelishi mumkin bo‘lgan provokasion vaziyatlarni yuzaga keltiradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!