Bechorami yoki firibgar: Toshkentda doriga pul so‘rab yurgan ayollar

Bechorami yoki firibgar: Toshkentda doriga pul so‘rab yurgan ayollar

Bir necha kun oldin ish bilan ko‘chada yurgandim. To‘satdan ikkita ayol meni to‘xtatishdi.

— Kechirasiz, biz bu yerlik emasmiz, — dedi biri. — Tanishim "Beruniy" tarafdagi onkologik kasalxonada yotibdi. Doriga pul kerak edi. Pul berib tura olasizmi?

Bunday mazmundagi gaplarni ko‘p eshitganim uchun ishonmadim. Ayollarga razm soldim. Po‘rim kiyingan, pulga muhtoj odamlarga o‘xshashmaydi. "Balki, chindan ham muhtoj bo‘lib qolgandir", degan o‘yda so‘roqqa tutdim.

— Qanaqa dori? Qancha kerak?

— Shu dori-da, — dedi haligi ayol yana, — 60 000 kerak edi.

— Uzr, lekin yonimda buncha pulim yo‘q.

— Mayli, yarmimi, qancha bo‘lsa ham beravering.

Menga gapirayotgan ayolning ko‘zi olma-kesak terardi. Narigisi esa indamay turibdi.

— Uzr, pulim yo‘q, — dedim-u, yo‘limda davom etdim.

Keyin o‘sha ayollarni zimdan kuzatdim. Ikkalasi qo‘ltiqlashgancha ohista gaplashib ketib borishardi. 

Yaqinlarim kasalxonaga tushib qolganida, ularga dori-darmon kerak bo‘lganida qanday jonsarak ahvolga tushganimni bilaman. Umuman, bunday hollarda odamzot o‘zini qanday tutishi menga ayon. Boyagi ayollarning xotirjamligi esa shubhamga asos bo‘ldi.

Qolaversa, men ular bilan gaplashgan joy onkologik kasalxonadan ancha uzoqda edi. Dori izlab yurgan odam kasalxona atrofidan ishini bitirishga urinadi, vaqt ketkazmaslikka intiladi. Xullas, ulardan shubhalanish uchun o‘zimda yetarlicha asos topdim. Ammo agar bu borada yanglishib, chindan ham muhtoj ayollarga yordam bermagan bo‘lsam, Yaratganning o‘zi kechirsin. 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!