Bahodir Jalolov: "Orzum – Olimpiya o‘yinlarida g‘olib bo‘lish va..."

Bahodir Jalolov: "Orzum – Olimpiya o‘yinlarida g‘olib bo‘lish va..."

Bahorning so‘nggi kunlarida Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida boks bo‘yicha Osiyo chempionati o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi a’zolari 6ta oltin, bitta kumush va 3ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Musobaqa yakunida Osiyo boks konfederasiyasi matbuot xizmati O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, Osiyo va jahon chempioni Bahodir Jalolov bilan intervyu uyushtirdi. Quyida ushbu intervyuning o‘zbek tilidagi variantini e’tiboringizga havola qilamiz.

“Bu safargi tayyorgarlik ham doimgidek yaxshi o‘tdi. Musobaqaning darajasidan qat’i nazar, ishga doimo jiddiy yondoshamiz. Uch oy ichida bir necha marotaba formaga kirish oson emas. Osiyo chempionatida men 70 foiz kuch bilan ishladim. Olimpiya o‘yinlariga 100 foiz formada bo‘laman.

Osiyo chempionatidagi muhit menga yoqdi. Barcha ob’ektlar bir joydaligi uchun ham bizga transportlar kerak bo‘lmadi. Vazn o‘lchash, ovqatlanish, texnik uchrashuvlar va boshqa jihatlar sportchilar uchun qulay qilib tuzilgandi.

Biz barcha raqiblarimizni hurmat qilamiz. Ularni kuchli va tajribali sportchilar, deb hisoblaymiz. Masalan, Qozog‘iston kuchli boks mamlakati. Mo‘g‘uliston ham yaxshi jamoa, bu safar Hindiston ham bizga ancha yaqin keldi.

Ushbu Osiyo chempionatining final jangi qozog‘istonlik raqibim – Kamshibek Konkabayevga qarshi 7-jangim bo‘ldi. Bahs doimgidek qiyin o‘tdi. Bu safar jismoniydan ko‘ra, ko‘proq psixologik kurash kechdi. O‘zimga bo‘lgan ishonch yuqori edi, chunki oxirgi ikkita musobaqada uni mag‘lubiyatga uchratgandim, xech kimga mag‘lub bo‘lmayotgandim. So‘nggi oylarda ruhiy tayyorgarlikka ham katta e’tibor qaratmoqdaman.

Orzuim – Olimpiya o‘yinlarida g‘olib bo‘lish va shu sababli Tokiodagi Olimpiadaga 100 foiz kuchim bilan tayyorlanaman. Boshqa hech qanday turnir yoki yig‘inga bormaymiz. O‘zbekistonda bahslarga tayyorgarlik ko‘ramiz.

Tokio-2020da men uchun Qozog‘iston, Rossiya, Kuba va Avstraliya bokschilari asosiy raqiblar bo‘lishadi. Ammo yuqorida ta’kidlaganimdek, vazn toifamdagi barcha sportchilarni kuchli raqib, deb hisoblayman. Olimpiya o‘yinlaridan so‘ng jahon chempionatida qatnashmoqchiman, keyin esa ko‘ramiz”, - degan Bahodir Jalolov o‘z intervyusida.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!