Atmosferaga zarar yetkazayotgan issiqxonalarga chora ko‘rilmoqda

Toshkent viloyatining Zangiota, Qibray, Toshkent tumanlari, Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod, Bektemir, Olmazor tumanlarida atmosfera havosining ifloslanishi darajasini kamaytirish va ifloslantiruvchi gazlarning belgilangan me’yordan ortib ketishi sabablari, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilishi holatlarini aniqlash, tahlil qilish va ularga nisbatan chora ko‘rish maqsadida o‘rganish o‘tkazildi.
O‘rganish Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Davlat ekologik nazorati inspeksiyasi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmalari, Favqulodda vaziyatlar bo‘limlari, Milliy gvardiya hamda Ichki ishlar xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan amalga oshirildi.
O‘rganish davomida Toshkent shahri va Toshkent viloyati bilan chegaradosh bo‘lgan Toshkent halqa avtomobil yo‘li bo‘ylab 9 ta nuqtadan havoning ifloslanishi bo‘yicha ko‘chma laboratoriya orqali THAYDA Eshonguzar aholi yashash punktidan Toshkent Pediatriya tibbiyot institutigacha bo‘lgan hududida havoning ifloslanish darajasi tahlil qilindi. Natijada PM-2.5, 10 ifloslantiruvchi moddalar miqdori 0,05 mgdan 540 mggacha ortib ketganligi aniqlandi.
Holat yuzasidan Davlat ekologik nazorati inspeksiyasi hamda hududiy bo‘linmalar tomonidan o‘tkazilgan monitoringda jami 486 ta issiqxonalarda o‘rganish, tushuntirish va profilaktika tadbirlari olib borildi. O‘z navbagida issiqxonalarning 440 tasi faoliyat yuritayotganligi, 46 ta issiqxona (Zangiota tumanida 16 ta, Qibray tumanida 10 ta, Toshkent tumanida 4 ta, Yunusobod tumanida 11 ta, M.Ulug‘bek tumanida 5 ta) mavsumiy bo‘lganligi, ya’ni qozonxonasi yo‘qligi sababli ish faoliyatida emasligi aniqlandi.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining “Atrof-muhitga ta’sirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi
2020 yil 7 sentyabrdagi 541-sonli qaroriga ko‘ra, issiqxonalar tabiiy gaz, ko‘mir va boshqa yonilg‘i turlarida ishlovchi atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning IV toifasiga mansub korxonalar hisoblanadi.
O‘rganishlar davomida dudburondan foydalanish qoidalarini buzgan jami 37 ta issiqxona egalariga ma’muriy jarimalar qo‘llanildi, 46 ta issiqxona faoliyati to‘xtatildi, 426 ta issiqxona egalari ekologik talablariga javob beradigan chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish, rezina qoldiqlari va boshqa chiqindilardan yoqilg‘i sifatida foydalanmaslik yuzasidan ogohlantirildi.
Nazorat tadbirlari davom etmoqda.