Asadjon Xo‘jayev: "Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar bilan hamkorlikni davom ettirish maqsadga muvofiq"

Asadjon Xo‘jayev: "Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar bilan hamkorlikni davom ettirish maqsadga muvofiq"

AOKA direktori Asadjon Xo‘jayev Turkiya respublikasining Istanbul shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlarning ommaviy axborot vositalari rahbar xodimlarining 4-yig‘ilishida nutq so‘zladi.

"Muhtaram Faxretdin Altun janoblari!

Hurmatli delegasiyalar rahbarlari!

Xonimlar va janoblar!

Avvalo, O‘zbekiston Respublikasining Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar bilan diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligi bilan barchangizni samimiy qutlayman.

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar orasidagi mustahkam aloqalar, do‘stona munosabatlarning eng muhim negizlaridan biri sifatida qaraladigan axborot va ommaviy kommunikasiyalar sohasida o‘zaro tajriba almashish, axborot makonidagi yutuq va muammolarni o‘zaro bahamjihat muhokama qilish, internet tarmog‘idagi xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurashish bo‘yicha fikr-almashish natijasida sanab o‘tsa arziydigan bir qancha ijobiy natijalar bo‘y ko‘rsatmoqda.

Men so‘zimning avvalida O‘zbekistonda so‘nggi yillarda axborot sohasini isloh qilish, so‘z va fikr erkinligini kafotlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida qisqacha ma’lumot berib o‘tmoqchiman.

Bugun mamlakatimizda “Inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlat”, degan muhim g‘oya negizida Yangi O‘zbekiston barpo etilmoqda. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev belgilab bergan bu ulug‘vor maqsad asosida respublikaning barcha sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, matbuot erkinligini, ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ommaviy axborot vositalari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi ushbu muhim islohotlar ijrosini ta’minlashda Hukumat va davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar bilan hamkorlikda zarur choralarni ko‘rmoqda.

Jumladan:

1. O‘tgan 3 yilda davlatimiz rahbarining tegishli qarori asosida davlat organlari bilan aholi o‘rtasida ishonchli aloqalarni o‘rnatish uchun 380 ga yaqin davlat tashkilotlarida axborot xizmatlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda axborot xizmatlarida 1200 nafardan ortiq xodimlar faoliyat yuritmoqda.

Matbuot kotiblari faoliyati yuzasidan o‘tkaziladigan reyting baholash natijalari bo‘yicha so‘nggi uch yilda yuqori darajali matbuot kotiblarining soni 6 barobarga ortdi.

Respublika bo‘yicha bir yil ichida 8000 dan ortiq media-tadbirlar tashkil qilindi.

Internet makoni va ommaviy axborot vositalarida aniqlangan tanqidiy materiallar, jamoatchilikning so‘roviga tezkor rasmiy munosabat bildirish uchun 150 dan ortiq ishchi guruhlar tuzilgan va bugungi kunda tanqidiy-tahliliy materiallar va jamoatchilik so‘roviga javoban davlat organlarining munosabat bildirish statistikasi 93 foizga yetdi.

Barcha tashkilotlarga faqatgina rasmiy veb-sayt bilan chegaralanmasdan, ijtimoiy tarmoqlar, mobil messenjer va videoxostinglarda ham rasmiy kanal va sahifalar ochish va ularni axborot xizmati xodimlari tomonidan faol yuritish choralari ko‘rilgan. Shu asosda davlat organlarining internet, ijtimoiy tarmoq va mobil messenjerlardagi axborot manbalari soni
3064 taga yetdi.

2. Axborot sohasi qonunchiligida ham bosqichma-bosqich islohotlar o‘tkazilmoqda.

Jurnalistlarning professional faoliyatida o‘z-o‘zini senzura qilishiga yo‘l qo‘ymaslik va erkin fikr bildirishni kafotlash maqsadida Jinoyat kodeksidan tuhmat va haqorat qilganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi olib tashlandi.

Shuningdek, ommaviy axborot vositalari faoliyatiga noqonuniy aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik, shu jumladan, mansabdor shaxslar tomonidan senzura o‘rnatish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq o‘tkazish, materiallar va texnik vositalarni ulardan g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yish harakatlari sodir etilgani uchun javobgarlik choralari belgilanmoqda.

3. Shu o‘rinda so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash maqsadida ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazishda barcha jarayonlar inson omilisiz, elektron shaklda amalga oshirilayotgani bu yo‘ldagi yana bir muhim qadam bo‘lganini qayd etish zarur. Buning natijasida 2016 yilda ommaviy axborot vositalarining soni 1437 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, ularning soni 1962 taga yetdi.

Hozirgi vaqtda internet jurnalistikasi ham hayotimizga tobora chuqur kirib bormoqda. Respublikamizda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalarining 677 tasi veb-sayt sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.

4. OAV, axborot xizmatlari, elektron va bosma matbuot, teleradiokompaniyalar faoliyati bo‘yicha ma’lumot olish, axborot olish erkinligi, jurnalistlik faoliyat borasida hamda sohaga tegishli aniq masalalar yuzasidan taklif va shikoyatlar berishni soddalashtirish uchun 1213 raqamli Call-markaz ishga tushirildi.

5. Hududlarda axborot sohasiga taalluqli masala va muammolarni hal etish, huquqiy e’tirozlar va boshqa munozarali voqeliklarni mustaqil ravishda davra suhbati shaklida o‘rganib, mavjud muammolarni ochiq muhokama qilish uchun davlat organlariga yuborish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida maxsus “Dialog-maydoncha”lar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

6. Rost axborotni saralab olish mushkul va qo‘shimcha o‘rganish talab etilayotgan bugungi kunda jamiyatni feyk xabarlardan himoyalash zarurati muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, virtual olamda soxta, yolg‘on xabarlar, suratlar, videolardan iborat feyk axborotlarni tezda to‘xtatilishiga erishish kerakligini inobatga olgan holda, antifake.uz axborot kanali faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Alohida ta’kidlash o‘rinliki, 3 may – Xalqaro matbuot erkinligi kuni “Chegarasiz muxbirlar” xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan 2021 yil uchun Matbuot erkinligi indeksi e’lon qilindi. Ushbu reytingda O‘zbekistonning o‘rni o‘tgan yilga nisbatan 24 pog‘onaga ko‘tarildi va bu yuqorilash ko‘rsatkichi O‘zbekistonning yaqin yillardagi eng yaxshi natijasi sifatida qayd etildi.

Yuqorida sanab o‘tilgan islohotlarni hayotga tatbiq etish jarayonida O‘zbekiston Respublikasining Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar bilan axborot sohasida tajriba almashgani va birgalikda zarur fikr-mulohazalar yuritgani ham muhim o‘rin tutadi. Xususan, o‘tgan 2021 yil aprel oyida Boku shahrida Kengash Ishchi guruhining VIII-majlisida axborot sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish borasida bir qator dolzarb masalalar muhokama etilgan, unda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarning rasmiy axborot agentliklari o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash, mazkur memorandum doirasida axborot tayyorlash va tarqatishda o‘zaro tajriba almashishga qaratilgan o‘quv kurslarini tashkil etish, Kengashga a’zo mamlakatlar media markazlariga jurnalistlar tashriflarini tashkil etish, axborot xavfsizligini ta’minlash va axborot xurujlariga qarshi oqilona kurashish va boshqa dolzarb masalalar borasida keng hamkorlik qilish shular jumlasidandir.

Albatta, bundan keyin ham quyidagi yo‘nalishlarda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar bilan hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi:

– Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar teledasturlari, bosma OAV, axborot agentliklari, internet nashrlari mahsulotlari bilan tanishish uchun turkiy tilli mamlakatlar fuqarolariga maqbul sharoitlar yaratish;

– o‘zaro kelishilgan qiziqarli mavzularda qo‘shma forumlar, seminarlar, konferensiyalar, davra suhbatlarini tashkil etish va o‘tkazish;

– tarbiyaviy ahamiyatga ega telefilmlar, teleseriallar va multfilmlar ishlab chiqarish sohasida hamkorlik va axborot almashinuvini olib borish;

– har yili elektron va davriy bosma nashrlardan faoliyat yuritayotgan jurnalistlar tanlovini uyushtirish;

– turizm salohiyati va madaniy-ma’rifiy hayot jarayonlari, ilmiy izlanishlar natijalari bilan a’zo mamlakatlar fuqarolarini tanishtirishga ixtisoslashgan tematik dasturlarni hamkorlikda tayyorlash;

– a’zo davlatlarning milliy kunlarida teledasturlar hamda boshqa tegishli hujjatli filmlar va boshqa axborotlarni translyasiya qilish imkoniyatini ta’minlash maqsadida a’zo davlatlarning milliy telekanallari o‘rtasidagi hamkorlik kelishuvlarini o‘rnatish.

So‘zim yakunida O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar bilan axborot va ommaviy kommunikasiya sohasi, nashriyot-matbaa, kutubxonachilik sohalarini rivojlantirishda bundan keyin ham yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qilamiz.

E’tiboringiz uchun rahmat!"


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!