ArMI-2022: o‘zbekistonlik harbiylar xalqaro armiya o‘yinlarining ikki bosqichini muvaffaqiyatli boshladi

ArMI-2022: o‘zbekistonlik harbiylar xalqaro armiya o‘yinlarining ikki bosqichini muvaffaqiyatli boshladi

Bugun, 13 avgust kuni Rossiya Federasiyasi Moskva viloyatida joylashgan «Alabino» poligonida VIII Xalqaro armiya o‘yinlarining «Tank biatloni» musobaqasiga start berildi. Musobaqaning birinchi divizioni yakkalik poyga shartida O‘zbekiston tankchilari Vyetnam, Venesuela va Qozog‘iston jamoalarining birinchi ekipaj a’zolari bilan o‘zaro bellashdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti ma’lum qildi.

Unda o‘zbekistonlik harbiylar qizil, vyetnamliklar ko‘k, Venesuela jamoasi sariq va qozog‘istonliklar yashil rangli tanklarda harakat olib bordi. Tank komandiri katta leytenant Shahzod Mamadiyorov, mo‘ljalga oluvchi kichik serjant Islom Sobirov va mexanik-haydovchi katta serjant Karimjon Urinovdan iborat 1-ekipajimiz mazkur jamoalar bilan munosib bellashdi.

Musobaqaning yakkalik poyga shartiga ko‘ra, T-72B3 tanklarida ekipaj a’zolari turli to‘siqlardan o‘tib, belgilangan nishonlarni yakson qildi. Shunday qilib, Xalqaro armiya o‘yinlarining eng jozibali va qiziqarli yo‘nalishi bo‘lmish «Tank biatloni» musobaqasining bugungi bahsi yakuniy natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonlik tankchilar ekipaji 25 daqiqayu 18 soniyada finishga yetib keldi. Qozog‘iston jamoasi finish chizig‘ini 25 daqiqayu 57 soniyada, vyetnamliklar esa 34 daqiqayu 53 soniyada bosib o‘tgan bo‘lsa, venesuela 47 daqiqayu 05 soniya natijani qayd etishdi.

Ma’lumot uchun, vakillarimiz harakat olib borayotgan birinchi divizionda jami 10 ta jamoa birinchilik uchun kurashadi, bular: Ozarbayjon, Belarus, Vyetnam, Venesuela, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston va Rossiya Federasiyasi. Yurtdoshlarimiz ishtirokidagi keyingi bahslar 16 avgust va 20 avgust kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, bugun Markaziy harbiy okrugining «Forish» tog‘ poligonida «Dala oshxonasi» yo‘nalishining dastlabki bosqichi, ya’ni «Otish tayyorgarligi» bahslari o‘z yakuniga yetdi.

Unda O‘zbekiston, Tojikiston, Rossiya, Belorusiya hamda Vetnam davlatlarining harbiy oshpazlaridan iborat 5 ta jamoalar ishtirok etdi. «Otish tayyorgarligi» bahslarining shartlariga ko‘ra, har bir jamoadan 6 nafar vakil ishtirok etib, 100 metr masofadagi nishonlarga qarata 10 marotabadan o‘q uzdi.

Musobaqaning ushbu bosqichining yakuniga ko‘ra umumjamoa hisobida qiyudagi natijalar qayd etildi:

1. O‘zbekiston — 92,8 ball;

2. Vetnam — 83,5 ball;

3. Rossiya— 72,2 ball;

4. Belarus — 71,5 ball;

5. Tojikiston — 62,0 ball.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!