Armaniston Rossiya harbiy bazasini olib chiqish masalasini qo‘ymagan — Pashinyan
Armaniston hech qachon Rossiya oldiga Gyumridagi 102-Rossiya harbiy bazasini olib chiqish masalasini qo‘ymagan. Bu haqda bosh vazir Nikol Pashinyan parlamentdagi hukumat soati vaqtida ma’lum qildi.
Pashinyanning so‘zlariga ko‘ra, u 2018 yilda hokimiyatga kelganidan beri Rossiya tomoni bilan bazani olib chiqish masalasini biror marta ham muhokama qilmagan. Bu mavzu Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskva Yerevan Rossiya harbiylarining hozir bo‘lishini keraksiz deb hisoblasa, ularni olib chiqishga tayyor ekanini aytganidan keyin paydo bo‘lgan.
«Armaniston hech qachon bazani olib chiqish masalasini ko‘tarmagan. Ammo agar Rossiya uni olib chiqishga qaror qilsa, Armaniston bunga qarshilik qilmaydi. Agar Rossiya bazani saqlab qolishni istasa, biz bu masalani muhokama qilishga tayyormiz», — dedi Pashinyan.
U shuningdek, Rossiya harbiy bazasi Armaniston uchun «hayotiy muhim ahamiyatga ega emas»ligini ta’kidladi.
102-Rossiya harbiy bazasi 1995 yildan beri Gyumri shahrida joylashgan. 2010 yilda Moskva va Yerevan baza joylashuvi to‘g‘risidagi kelishuv muddatini 2044 yilgacha uzaytirgan.
Pashinyan avvalroq Rossiya-Armaniston munosabatlarini «inventarizasiyadan o‘tkazish» zarurligini bildirgan edi.
