Armaniston bosh vaziri mamlakat boshqaruvining yarim prezidentlik shakliga qaytishi mumkinligini ma’lum qildi

Armaniston bosh vaziri mamlakat boshqaruvining yarim prezidentlik shakliga qaytishi mumkinligini ma’lum qildi

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan 2021 yil oktyabrida Konstitusiya bo‘yicha referendum o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda u Yerevanda o‘z tarafdorlarining mitingida aytib o‘tdi, deb yozadi Meduza.

Pashinyan boshqaruvning parlament shaklidan yarim prezidentlik shakliga qaytish ehtimoli haqida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakatda barqarorlikni kafolatlaydi va «ichki siyosiy inqirozlar shakllanishi»ga yo‘l qo‘ymaydi.

«Nihoyat, tan olish kerak, 2015 yilda tuzilib, 2018 yilda kuchga kirgan konstitusiya bu davr ichida ko‘plab kamchiliklarni aniqladi. Va bugun biz ko‘ryapmizki, bu konstitusiya, afsuski, ko‘plab inqiroz imkoniyatlarini va xavflarni yaratmoqda. Oktyabrda biz referendum o‘tkazmoqchimiz, uning natijasiga qarab yo yangi konstitusiyani, yo tuzatishlarni qabul qilamiz va ular bilan boshqaruvning parlament shaklidan yarim prezidentlik shakliga o‘tamiz», — dedi u.

Pashinyan, shuningdek, agar parlament muxolifati rozi bo‘lsa, navbatdan tashqari parlament saylovlarini o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

«Agar parlament kuchlari bizning o‘tgan yil dekabr oxiri — yanvar boshida bildirgan taklifimizni qabul qilsa, unda biz navbatdan tashqari parlament saylovlariga tayyormiz. Sizga ikkinchi imkoniyatni beraman. Yuring, saylovlarga boramiz va xalq kimning iste’fosini talab qilayotganini ko‘ramiz», — dedi bosh vazir.

Armaniston boshqaruvning yarim prezidentlik shaklidan parlament shakliga 2018 yilda o‘tgan edi, bunga 2015 yilda bo‘lib o‘tgan konstitusiya bo‘yicha referendum asos bo‘lgan edi. Islohot natijasida prezident vakolatlari cheklanib, bosh vazir foydasiga qayta taqsimlangan edi.

Tog‘li Qorabog‘dagi urushda mag‘lubiyatga uchragach, Armanistonda siyosiy inqiroz davom etmoqda. U 25 fevral kuni bosh shtab Nikol Pashinyanning iste’fosini talab qilganidan keyin kuchaydi. Bunga bosh vazir uning Rossiya tomonidan ishlab chiqarilgan «Iskander» raketalari Qorabog‘da samara bermagani haqidagi gaplarini tanqid qilgan bosh shtab boshlig‘i o‘rinbosarini ishdan bo‘shatgani sabab bo‘ldi.

Pashinyan unga «Iskander» raketalari haqida noto‘g‘ri ma’lumot berilganini tan oldi. Shu bilan birga, u harbiylarning xatti-harakatlarini davlat to‘ntarishiga urinish deb atadi va Bosh shtab boshlig‘ini ishdan bo‘shatishga urindi, ammo Armaniston prezidenti uni iste’foga chiqarishdan bosh tortdi. Pashinyan Bosh shtab rahbarini «xoin» deb atab, uning ketishini talab qilishda davom etmoqda. Yerevanda 25 fevraldan buyon bosh vazir tarafdorlari va unga qarshi bo‘lganlarning aksiyalari bo‘lib o‘tmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!