AQShning neft tariflari: Yevropa va Osiyoga yangi imkoniyatlar ochmoqda

Trampning neft tariflaridan Yevropa va Osiyo neftni qayta ishlash korxonalari manfaatdor bo‘lmoqda.
AQSh prezidenti Donald Trampning Kanada va Meksika neft importiga qo‘ygan savdo tariflari Yevropa va Osiyo neftni qayta ishlash zavodlariga AQShdagi raqiblariga nisbatan raqobatbardosh ustunlik beradi, deb ta’kidlashdi tahlilchilar va bozor ishtirokchilari Reuters agentligiga.
Tramp shanba kuni AQShga kirib kelayotgan fentanil va noqonuniy muhojirlar tufayli yuzaga kelgan milliy favqulodda vaziyatni hal qilish maqsadida seshanbadan boshlab Kanada va Meksika importiga 25 foiz, Xitoydan keladigan tovarlarga esa 10 foiz tarif belgiladi, deb ma’lum qildi Oq uy vakillari. Ularning aytishicha, Kanadadan keltirilayotgan energiya mahsulotlariga atigi 10 foiz boj solinsa, Meksikadan import qilinayotgan energiya mahsulotlaridan to‘liq 25 foiz undirilar ekan.
Sanoat manbalari ta’kidlashicha, AQSh xom neftini import qilishning ikki asosiy manbasiga qo‘yilgan tariflar AQSh neftni qayta ishlash zavodlarining optimal ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan og‘irroq navli xom ashyo xarajatlarini oshiradi. Bu esa ularning daromadliligini pasaytirib, ishlab chiqarishni qisqartirishga majbur qilishi mumkin.
"Umuman olganda, bu Yevropa neftni qayta ishlash korxonalari uchun ijobiy, ammo Yevropa iste’molchilari uchun shunday bo‘lmasligi mumkin," deb qo‘shimcha qildi u.
"AQShning shimoli-sharqiy qismi ko‘proq benzin import qilishga majbur bo‘lgani sababli, Yevropa korxonalarining foyda marjasi oshishi mumkin," - dedi brokerlik kompaniyasi rahbari. "Menimcha, Yevropa va Osiyo neftni qayta ishlash korxonalari bu vaziyatdan eng ko‘p foyda ko‘radiganlar bo‘ladi".
Next Barrel tahlil firmasi asoschisi Matias Tognining aytishicha, tariflar ta’sir ostiga tushgan xom neft sotuvchilarini xaridorlarni topish uchun narxlarni pasaytirishga majbur qilishi mumkin. Uning fikricha, Osiyo neftni qayta ishlash korxonalari chegirmali Meksika va Kanada xom neftini o‘zlashtirish uchun qulay vaziyatda, bu esa ularning foyda marjasini oshirishi mumkin.
Energy Aspects kompaniyasining neftni qayta ishlash bo‘limi boshlig‘i Rendi Xurburunning ta’kidlashicha, Osiyo neftni qayta ishlash korxonalari raqobatdosh ustunlikka ega bo‘lishi mumkin, chunki ular og‘ir xom neftni qayta ishlash uchun zarur uskunalarga ega va ayni paytda o‘z ishlab chiqarish quvvatlarini oshirmoqda.
O‘tgan yilning may oyida ishga tushirilgan Kanadaning Trans Mountain quvurini kengaytirish loyihasi natijasida endi bu quvur orqali Kanada Tinch okeani sohiliga kuniga qo‘shimcha 590 000 barrel xom neft yetkazib berish imkoniyati paydo bo‘ldi.