AQShning harbiy kemasi portlab ketdi

AQShning harbiy kemasi portlab ketdi

AQSh harbiy-dengiz kuchlarining San-Diyego shahrida joylashgan «Bonom Richard» (USS Bonhomme Richard) kemasida sodir bo‘lgan portlash va yong‘in natijasida 17 nafar dengizchi va to‘rt nafar fuqaro jarohat oldi.

Kema ichidagi yong‘in yakshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 9 larda boshlangan. Texnik xizmat ko‘rsatishda turgan kemaning ustidan qora tutun ko‘tarilgan. Amerika OAVlarining xabar berishicha, kemada portlash ham yuz bergan.

O‘t o‘chiruvchilar va harbiy xizmatchilar voqea joyida ishlamoqda, ammo hali yong‘inni o‘chirishga ulgurishmadi. «17 nafar dengizchi va to‘rt nafar tinch aholiga mahalliy shifoxonada yordam ko‘rsatilmoqda. Ularning hayoti xavf ostida emas», - deb yozdi AQSh harbiy-dengiz floti "Twitter"dagi sahifasida.

Yong‘in natijasida bir nechta o‘t o‘chiruvchilar ham jarohatlangan, kuygan va tutun bilan zaharlangan.

San-Diyegodagi o‘t o‘chirish xizmati "Twitter"da voqea joyidan olingan tasvirlarni, shu jumladan, kema ustidan vertolyot uchib, rasmga olgandi.

San-Diyego yong‘in bo‘limi boshlig‘i Kolin Stouellning aytishicha, yong‘in bir necha kun davom etishi va kema «vaterliniyagacha» yonishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha qutqaruv xodimlari va dengizchilar kemani tark etishdi va hozirda olovni tashqaridan o‘chirishga harakat qilishmoqda.

Yong‘in sababi hozircha noma’lum.

Amerika dengiz kuchlarining xabar berishicha, yong‘in paytida kemada 160 nafar dengizchi bo‘lgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!