AQShning Afg‘onistondan chiqib ketishini sharmandali bo‘ldi - Hamid Karzay

AQShning Afg‘onistondan chiqib ketishini sharmandali bo‘ldi - Hamid Karzay

Afg‘oniston sobiq prezidenti Hamid Karzay AQShni bir yil avval o‘z mamlakatini tark etib, «Tolibon» harakatiga topshirgani uchun keskin tanqid qildi.

«Bu juda achinarli. Qo‘shma Shtatlarning Afg‘onistondan qanday yo‘l bilan chiqib ketgani sharmandalik bo‘ldi. Bu biz uchun haqoratli va Amerika xalqi uchun og‘riqli», dedi u 14 avgust, yakshanba kuni e’lon qilingan DW mediakompaniyasiga bergan intervyusida.

Karzay toliblar hokimiyatga qaytishi fonida afg‘onlarni birlashishga va o‘z huquqlari, jumladan, qizlar va ayollarning ta’lim olish huquqi uchun kurashishga chaqirdi. U muhojirlik ehtimolini inkor etib, qiyin paytlarda vatanini tark etmasligini ta’kidladi. «Bu bizning mamlakatimiz. Bu bizning uyimiz. Qiyin bo‘lganda uyni tark etishmaydi. Uyda qolib, uni tartibga keltirish kerak. Qisqa va aniq», - dedi sobiq prezident.

Hamid Karzay «Al-Qoida» yetakchisi Ayman al-Zavohiriyning amerikaliklar tomonidan yo‘q qilinishi Afg‘onistonni yana xalqaro terrorizm homiysiga aylantirishi mumkin degan fikrga qo‘shilmadi.

«Afg‘oniston hech qachon global terrorning homiysi bo‘lmagan. Afg‘oniston global terror qurboni bo‘lgan. Afg‘oniston xalqi terrorizmning eng katta qurboniga aylandi. Afg‘onistonliklar butun dunyo bo‘ylab terror qurbonlariga hamdardlik bildiradi, chunki bizning o‘zimiz bundan ko‘proq jabrlanganmiz. Afg‘onlar 11 sentyabr fojiasi qurbonlarini yodda tutadi, sababi birinchi bo‘lib biz aziyat chekdik», dedi u.

Shuningdek, Afg‘oniston sobiq prezidenti Afg‘oniston yo‘qotib bo‘lingan davlat degan fikrni rad etdi. «Biz yo‘qolgan davlat emasmiz. Biz dunyoning bu qismidagi eng qadimiy davlatlar va sivilizasiyalar qatoridamiz. Bu ming yillik tariximizda bir lahza. U o‘tib ketadi va biz yana oyoqqa turamiz hamda kuchli bo‘lamiz. Afg‘oniston ayollar uchun ham yo‘qolmagan. Agar shunday bo‘lganida, Afg‘oniston o‘zligini yo‘qotgan bo‘lardi. Bunga yo‘l qo‘ymaymiz. Ayollar ta’lim oladi. Ular muhandis, doktor va jurnalist, parlament a’zolari bo‘lishadi, hammasi yaxshi bo‘ladi. Vaqti kelganda buni ko‘rasiz», - deya xulosa qildi Afg‘oniston sobiq prezidenti.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!