AQSh siyosiy boshpana so‘rovchilarini qabul qilishni to‘xtatadi
Qo‘shma Shtatlar siyosiy boshpana so‘rab murojaat qilgan chet el fuqarolarini qabul qilishni amalda to‘liq to‘xtatmoqda, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri “The Washington Post” gazetasiga tayanib.
“Shunday qilib, Amerika eshiklari boshpana izlovchilar uchun batamom yopildi”, – dedi Oq uy xodimlari apparati rahbari o‘rinbosari Stiven Miller jurnalistlarga.
“Biz shunday kelishuvlarni ishlab chiqdikki, agar siz boshpana so‘rab murojaat qilsangiz, biz dunyoning sizni qabul qiladigan boshqa biror mamlakatini topamiz. Bu juda oddiy, nafis va mukammal yechimdir”, – deya ta’kidladi Amerika yetakchisi maslahatchisi.
Shu bilan birga, u AQShning Meksika bilan chegarasidagi nazoratni kuchaytirish tarafdori ekanini yana bir bor ta’kidladi.
“AQShning Janubi-G‘arbiy chegarasida boshpana berish bo‘yicha topshiriladigan barcha arizalar doim soxta bo‘ladi”, – deb da’vo qiladi Oq uy vakili. U, shuningdek, AQShda vaqtincha himoyalangan shaxslar maqomida bo‘lib turgan Gaiti fuqarolarini imkon qadar tezroq vataniga qaytishga chaqirdi.
Avvalroq, AQSh Oliy sudi Amerika ma’muriyati foydasiga qaror chiqarib, mamlakatda qonuniy asoslarsiz istiqomat qilayotgan Suriya va Gaiti fuqarolariga vaqtincha himoyalangan shaxslar maqomini berishni to‘xtatishga ruxsat bergan edi. Oliy sudning ushbu qarori AQSh hukumatiga yuz minglab shunday shaxslarni deportasiya qilish imkonini beradi.
