AQSh senatorlari Baydenni O‘zbekistonga bosim o‘tkazishga chaqirdi

AQSh senatorlari Baydenni O‘zbekistonga bosim o‘tkazishga chaqirdi

AQSh Demokratlar partiyasidan bir guruh senatorlar Oq uy ma’muriyati va Davlat departamentini O‘zbekistonga inson huquqlari borasidagi vaziyat tufayli bosim o‘tkazishga chaqirib maktub yo‘lladi. Bu haqda Kun.uz senator Bob Menendes e’lon qilgan press-relizga tayanib xabar qildi. Bu haqda "gazeta.uz" yozmoqda.

Davlat kotibi Entoni Blinkenga yo‘llangan maktubga senatorlardan Bob Menendes (Nyu-Jersi), Kris Van Xollen (Merilend), Dik Durbin (Illinoys), Kirsten Gillibrand (Nyu-York), Sherrod Braun (Ogayo) va Ben Kardin (Merilend) imzo chekkan.

Xatda qayd etilishicha, ikki davlat vakillari shu oy oxirida strategik sherikchilik to‘g‘risidagi birinchi muloqot doirasida uchrashishlari kerak.

«AQSh qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqarilganidan keyin O‘zbekiston bilan ikki tomonlama munosabatlarimiz manfaatlarimiz va qadriyatlarimiz uchun yanada muhim ahamiyat kasb etdi. Xavfsizligimizni mustahkamlab, terrorizmga qarshi kurashishni muvofiqlashtirar ekanmiz, O‘zbekistonda inson huquqlari ham hamkorligimizda ahamiyatli ekanini ta’kidlashimiz lozim», — deyiladi maktubda.

Qayd etilishicha, mazkur uchrashuv «Qo‘shma Shtatlarning O‘zbekiston bilan munosabatlarida asosiy komponent sifatida inson huquqlariga hurmat o‘rnatish» yuzasidan noyob imkoniyatni taqdim etadi.

«Islohotlarga qaramasdan, O‘zbekiston dunyoning eng repressiv davlatlaridan biri bo‘lib qolmoqda va so‘nggi muvaffaqiyatlarga putur yetkazish xavfi mavjud», — deb yozdi senatorlar.

Xalq vakillari O‘zbekistonda erkin so‘z va OAV faoliyatidagi cheklovlar, shuningdek, siyosiy liberallashuv yo‘nalishida o‘sish yo‘qligidan xavotir bildirdilar.

Bundan tashqari, senatorlar O‘zbekiston hukumatini amalda islohotlarni davom ettirish va jinoyat qonunchiligini isloh qilishga chaqirdi.

Xulosa qismida senatorlar Oq uy ma’muriyati va Davlat departamentini O‘zbekiston vakillari bilan uchrashuv jarayonida yuqorida sanab o‘tilgan muammolarni ko‘tarish va muhokama qilishga chaqirdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!