AQSh kambag‘al mamlakatlarga vaksinasiya uchun 4 mlrd dollar ajratadi

AQSh kambag‘al mamlakatlarga vaksinasiya uchun 4 mlrd dollar ajratadi

Jo Bayden ma’muriyati kambag‘al mamlakatlar uchun koronavirusga qarshi emlash dasturiga 4 milliard dollar ajratadi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, dunyoning yetti rivojlangan davlatlari guruhi sammitida AQSh prezidenti Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) boshchiligidagi xalqaro COVAX dasturiga zudlik bilan 2 milliard dollar ajratish rejalari haqida ma’lum qilgan.

«COVID-19 hech bir millat pandemiya qarshisida yakka o‘zi kurasha olmasligini ko‘rsatdi», — deyiladi Bayden ma’muriyatining press-relizida. AQSh Kongressi ajratilayotgan mablag‘ni ma’qullagan.

«Vaksinalarni yetarlicha olganimizdan so‘ng ortiqchasini nochor mamlakatlarga hadya etish masalasini so‘zsiz ko‘rib chiqmoqchimiz. Bu virus tarqalishiga chek qo‘yishning yagona usuli», — dedi amaldorlardan biri.

Kelgusi ikki yil ichida AQSh qolgan 2 milliard dollarni berishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun COVAX — koronavirusga qarshi vaksinalarni ishlab chiqarish va markazlashgan holda sotib olish dasturi. Dastur davlatlar va ishlab chiqaruvchilar hamkorlikda vaksinalarni boy va kambag‘al mamlakatlarga taqdim etishini ta’minlash uchun faoliyat yuritadi.

Avvalroq Yevropa Ittifoqi Tanzaniyaga COVID-19’ga qarshi kurashish uchun 27 million yevro ajratgan edi. Biroq mablag‘ni olgach, rasmiylar mamlakatni koronavirusdan xoli deb e’lon qilgan.

Eslatib o‘tamiz, JSST COVAX dasturi muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, past daromadli mamlakatlar kamida 2024 yilgacha vaksinasiz qolishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!