AQSh FQB prezident sayloviga aralashishda ayblanayotgan rossiyalik haqidagi ma’lumot uchun 250 ming dollar mukofot va’da qildi

AQSh FQB prezident sayloviga aralashishda ayblanayotgan rossiyalik haqidagi ma’lumot uchun 250 ming dollar mukofot va’da qildi

Federal qidiruv byurosi (FQB) AQSh siyosiy tizimiga aralashishda ayblanayotgan Rossiya fuqarosi Konstantin Kilimnikni hibsga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun 250 ming dollar mukofot puli taklif qilmoqda. Bu haqda «Interfaks» xabar berdi.

«FQB Kilimnikni hibsga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun 250 ming dollargacha mukofot taklif qilmoqda», — deyiladi byuroning Vashingtondagi ofisi qoldirgan tvitda.

Qayd etilishicha, 2018 yil iyun oyida Qo‘shma Shtatlarda odil sudlovga to‘sqinlik qilish va adolatni buzishga qaratilgan fitnada ayblanayotgan Kilimnikni hibsga olish to‘g‘risida federal buyruq chiqarilgan.

2018 yilgi ayblov xulosasiga ko‘ra, Kilimnik atayin bir kishini o‘z tarafiga og‘dirishga va uni rasmiy sud jarayonida guvohlik berishdan to‘xtatishga uringan.

«Kilimnik faoliyati mobaynida Ukraina hamda Rossiya siyosatchilari va ishbilarmonlari o‘rtasida aloqachilik qilgan. Bundan tashqari, Konstantin Viktorovich Kilimnik 2018 yilning fevral va aprel oylarida sud ishiga to‘sqinlik qilgani hamda adolatni buzishga qaratilgan fitnada qatnashgani uchun FQB tomonidan qidirilmoqda», — deyiladi FQB xabarida.

Kilimnik — 2016 yilgi prezidentlik saylovlariga Rossiyaning aralashuvi bo‘yicha da’vo yuzasidan byuro qidirayotgan bir nechta odamlardan biri. U sobiq prezident Donald Trampning saylovoldi kampaniyasining sobiq rahbari Pol Manafortning biznes hamkori bo‘lgan.

FQB Kilimnik Rossiya razvedkasi bilan aloqada bo‘lgan deb hisoblaydi va «Qo‘shma Shtatlarda, ehtimol, Ukraina hukumati ko‘rsatmasiga binoan, millionlab dollarlik ta’sir o‘tkazish kampaniyasini amalga oshirgan va shu bilan birga, ushbu ma’lumotlarni oshkor qilishda qonunda nazarda tutilgan hujjatlarni taqdim etmagan», — deb da’vo qilmoqda.

Amerika saylovlaridagi «Rossiyaning izi»ni tekshirayotgan maxsus prokuror Robert Myuller Kilimnikni Rossiya maxsus xizmatlari bilan aloqadorlikda ayblagan, ammo rossiyalikning o‘zi bu ayblovlarni rad etgan.

«Rossiya razvedka idoralari bilan hech qanday aloqam bo‘lmagan», — deb yozgan u The Wall Street Journal’ga yuborgan xatida.

Klimnik undan «soxta asoslar ustiga qurilgan hikoyaning yetishmayotgan qismlarini to‘ldiruvchi» sifatida foydalanishayotganini qo‘shimcha qilgan.

Manafort Trampning saylovoldi kampaniyasini 2016 yil bahorining oxiridan yozining oxirigacha boshqargan. Myuller prokuraturasi Kilimnikni Manafort bilan shaxsiy munosabatlaridan foydalanib, qandaydir tarzda AQShdagi saylov kampaniyasi jarayoni va Tramp shtab-kvartirasi faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qo‘lga kiritib, ularni Rossiyaga yuborgan bo‘lishi mumkin, deb gumon qilmoqda.

Avvalroq Microsoft rahbari 2020 yil dekabrda AQShga uyushtirilgan kiberhujumga Rossiyaning aloqadorligi bo‘yicha dalillar borligini ma’lum qilgan edi. FireEye kiberxavfsizlik kompaniyasi rahbari Kevin Mandia esa hujumda xakerlar qo‘llagan vositalar Rossiya foydalanadigan qurilmalarga o‘xshashligini ta’kidlagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!