AQSh Eronga cheklangan harbiy zarbalar rejasini tayyorladi
AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi cheklangan harbiy zarbalar berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Axios nashrining uch nafar amerikalik mansabdorga tayanib xabar berishicha, ehtimoliy operasiyadan maqsad Tehronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalarga hujum qilish uchun zarur bo‘lgan radar va raketa salohiyatini qayta tiklashiga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur reja AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi — CENTCOM tomonidan ishlab chiqilgan. Uni Pentagon rahbari Pit Xegset ham qo‘llab-quvvatlagan.
Avvalroq Oq uy Eron bilan ziddiyat yanada keskinlashib ketishining oldini olish maqsadida yangi zarbalardan voz kechishga moyil bo‘lgan.
Biroq so‘nggi kunlarda Eron tomonidan Iordaniyadagi AQSh harbiy ob’ektlariga raketalar uchirilishi Vashingtonning pozisiyasiga ta’sir qilishi mumkin.
Axios ma’lumotiga ko‘ra, Tramp hali yakuniy qaror qabul qilmagan. Shu bilan birga, reja Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi harbiy imkoniyatlarini qayta tiklashini cheklashga qaratilgan cheklangan va maqsadli zarbalarni nazarda tutadi.
