AQSh Eron portlari blokadasini qayta tikladi, Hurmuzda keskinlik kuchaymoqda

AQSh Eron portlari blokadasini qayta tikladi, Hurmuzda keskinlik kuchaymoqda

AQSh prezidenti Donald Tramp 13 iyul kuni Eron bilan 17 iyunda imzolangan anglashuv memorandumi bekor qilinganini va Eron portlariga nisbatan dengiz blokadasi qayta joriy etilganini e’lon qildi.

Trampning ma’lum qilishicha, AQSh endilikda o‘zini «Hurmuz bo‘g‘ozi qo‘riqchilari» deb hisoblaydi. Uning aytishicha, bo‘g‘oz orqali o‘tadigan xalqaro yuklarning qiymatidan 20 foiz miqdorida to‘lov undirilishi rejalashtirilgan. Bu mablag‘ mintaqada xavfsizlikni ta’minlash xarajatlarini qoplash uchun sarflanishi ta’kidlangan.

Oq uy rahbari, shuningdek, Hurmuz bo‘g‘ozi «Eron bilan yoki Eronsiz ochiq qolishi»ni bildirib, blokada faqat Eron kemalari va Eron neftini tashuvchi kemalarga nisbatan qo‘llanilishini aytdi.

14 iyulga o‘tar kechasi AQSh Markaziy qo‘mondonligi Eronning Bushehr, Chobahor, Jask, Konarak, Abu Muso va Bandar Abbos hududlaridagi harbiy ob’ektlarga zarbalar berilganini ma’lum qildi. Bayonotda aytilishicha, hujumlar Eronning dengizdagi harbiy imkoniyatlarini cheklashga qaratilgan.

Eron esa Hurmuz bo‘g‘ozida tijorat kemalariga qarshi harakatlarni davom ettirdi. Xabarlarga ko‘ra, BAAga tegishli ikki neft tankeri nishonga olingan, hodisa oqibatida Hindiston fuqarosi bo‘lgan ekipaj a’zosi halok bo‘lgan. Shu munosabat bilan Hindiston Tashqi ishlar vazirligi Eron elchisini chaqirib, norozilik notasini topshirdi.

Shuningdek, Eron Bahrayn, Quvayt va Iordaniyadagi AQSh harbiy ob’ektlariga zarbalar bergani aytilmoqda. Yamandagi «Ansor Alloh» (husiylar) harakati esa Saudiya Arabistonidagi Abha aeroportiga raketa va dronlar bilan hujum qilganini hamda Bob al-Mandab bo‘g‘ozini yopish bilan tahdid qilganini ma’lum qildi.

Bu orada Vashington Eronga nisbatan iqtisodiy bosimni ham kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Xabarlarga ko‘ra, AQSh Moliya vazirligi Eron neft savdosi bilan bog‘liq shaxslar va tashkilotlarga qarshi yangi sanksiyalar paketini tayyorlamoqda.

Ayni paytda, Eron neft vaziri Muhsin Poknejod mamlakat neft eksporti davom etayotganini ta’kidlab, Tehron ko‘p yillik sanksiyalar sharoitida eksportni saqlab qolish mexanizmlarini shakllantirganini bildirdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!

Yaponiya aholisini jadal sur’atda yo‘qotmoqda

Мамлакат фуқаролари сони 42 йил ичида биринчи марта 120 миллиондан камайди, туғилиш кўрсаткичи эса тарихий минимумни янгилади